Oʻzbekistonning eng baland nuqtasi qayerdaligini bilasizmi?
Qashqadaryo viloyatidagi Hisor togʻ tizmalari – tabiatning soʻlim va xushmanzara maskanlaridan biri.
Ushbu togʻ tizmasining butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan gʻarbga 37, shimoldan janubga esa 90 kilometrga choʻzilgan. Choʻqqilarining balandligi 2500 metrdan 4421 metrgacha. Xususan, Hazratsulton togʻi 4266, Xoʻja-kirshavor 4303, Toʻrtqoʻylik 4366, Bibi-Oʻlmas 4349 metrni tashkil etadi. Oʻzbekistonning eng baland nuqtasi ham Hisor davlat qoʻriqxonasining Toʻrtqoʻylik togʻidagi, dengiz sathidan 4421 metr balandlikda joylashgan nomsiz choʻqqidir.
Togʻ tizmasidan moviy suvli togʻ koʻllariga quyilib oqadigan daryolar boshlanadi. Aynan Hisor kengliklarining tor daralarida daryo suvlari ochib qoʻygan yer qobigʻini koʻrish mavjud boʻlgan dunyoning 4 geologik qoʻriqxonalaridan biri joylashgan. Togʻ kengliklarida albatta gʻorlar ham mavjud. Ularning baʼzilarida qadimgi odamlarning izlari, son-sanoqsiz maskanlari va qoyaga oʻyilgan tasvirlar topilgan.
Jamshid NORQOBILOV(surat), OʻzA