Koreya va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanadi
Mamlakatimiz delegatsiyasining Seulga tashrifi doirasida Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi qoshidagi Koreya - Oʻzbekiston biznes uyushmasi (KOʻBU) vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon hamjamiyatlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda KOʻBU direktorlar kengashi aʼzolari - “Evergreen Motors”, “Englishunt”, “BT&I”, “Hanshin E&C” kabi yetakchi kompaniyalar hamda Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti (KXU) rahbarlari ishtirok etdi.
Uyushma masʼullari mamlakatda bosqichma-bosqich olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida investitsiya muhiti yaxshilanishi tufayli Koreya kompaniyalarining Oʻzbekistonda biznes yuritishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi.
Koreya ishbilarmonlariga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida maʼlumot berildi, shuningdek, yaqin kelajakdagi rejalar bilan oʻrtoqlashildi.
Muloqot doirasida qurilish va shahar infratuzilmasini yaxshilash, sogʻliqni saqlash, oliy va oʻrta maxsus taʼlim, turizm sohalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq loyihalarni implementatsiya qilishda manzilli yordam koʻrsatish choralari muhokama qilindi.
Hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari ustida amaliy ish olib borish hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan muzokaralar oʻtkazish maqsadida Koreyaning ayrim kompaniyalari rahbarlarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish istiqboli koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Fargʻona shahrida KOʻBU rasmiy vakolatxonasini ochishga kelishib olindi. Tashkil etiladigan vakolatxona har ikki mamlakat biznes vakillari oʻrtasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish, Koreya investitsiyalarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar sonini oshirishga imkon beradi.