Koreya Bosh vazirining oʻrinbosari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi
Mamlakatimiz delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki bilan uchrashdi. Muzokara davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning joriy holati tahlil qilindi, oʻzaro sheriklikni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muloqot chogʻida Koreya - Oʻzbekiston munosabatlari alohida strategik ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlanib, eng yuqori darajada amalga oshirilgan oʻzaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi tomonlar uchun umumiy ustuvorlikka ega ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan Koreya hukumati va yirik korporatsiyalari tomonidan taqdim etilgan test tizimlari, tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar, shuningdek, bir necha oy davomida pandemiya tarqalishiga qarshi kurashda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonga yuborilgan yuqori malakali mutaxassislar koʻmagi, qolaversa, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash va aholining eng zaif qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga texnik yordam koʻrsatishni nazarda tutuvchi “COVID-19 ga tezkor javob choralar koʻrish dasturi”ni amalga oshirish maqsadida grant yordamini ajratish toʻgʻrisidagi qarori uchun Koreya hukumatiga alohida minnatdorlik bildirildi.
Oʻzbekistonning Koreya prezidenti tomonidan yuritilayotgan “Yangi Shimoliy siyosat”ni qoʻllab-quvvatlash va ushbu tashabbus doirasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama yordam koʻrsatish niyati qatʼiy ekani aytildi. Ushbu dastur Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirishga, shuningdek, Koreya va mintaqa davlatlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va AKT kabi sohalarda investitsiya hamkorligini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni faollashtirishga qaratilgan.
Koreya iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-2023-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston - Koreya moliyaviy-texnik hamkorligining yangi 3 yillik dasturini ishlab chiqib, tuzilma byudjetini 1 milliard dollarga yetkazish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Maʼlumki, hozirgi vaqtda 2018-2020-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi yakunlanmoqda. Bu jarayonda sogʻliqni saqlash, geodeziya va kartografiya, AKT va taʼlim sohalariga oid jami 500 million dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Koreya tomoni tegishli tartib va jarayonlarni jadallashtirish hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator yangi loyihalarni ilgari surish orqali Koreya Eksimbanki va Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) bilan birgalikda yangi loyihalar amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ustuvor tarmoqlardagi istiqbolli loyihalarga, jumladan, Koreya qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligi koʻmagida kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish loyihasi, ilgʻor qurilish texnologiyalari va standartlarini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston - Koreya tadqiqot markazini tashkil etish, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasidagi raqamli innovatsiyalar uchun Koreya - Oʻzbekiston hamkorligining pilot modelini joriy etish, kadrlar tayyorlash, oʻqitish, rivojlantirish va innovatsion davlat maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha kompleks markaz qurish kabi qator loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Koreya tomoni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni qoʻllab-quvvatlayotgani, xususan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruh raisi - Koreyaning Jenevadagi Favqulodda va muxtor elchisining amaliy yordami hamda Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bilan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish oqibatlarini baholash boʻyicha yaqin hamkorligi eʼtirof etildi.
Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishi va koʻp tomonlama global savdo tizimiga integratsiyalashuvi oʻzaro savdo hajmini yana-da oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Koreya hukumatining Orol ekologik falokati salbiy oqibatlarini kamaytirish boʻyicha Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi. Bu borada Orolboʻyi hududi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash doirasida moliyalashtirish masalasi koʻrib chiqiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli shartnomalar portfelini kengaytirish maqsadida hamkorlikni yana-da faollashtirishga kelishib oldilar. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosarlarining 3-uchrashuvini shu yil sentyabr oyida oʻtkazish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.