Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi renessans davri boshlanmoqda
Bugun mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasi rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, ilm-fan, maʼrifat sohasi vakillari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, intellektual boylikning qadr topayotgani xalqimizning tarixi, tiynati, mentaliteti, asriy qadriyatlari, orzu-umidlari bilan bevosita bogʻliq.
Vatanimizda insonning taʼlim olishiga ijobiy munosabat uzoq yillik anʼanalarga ega. Chunonchi, hududimizda IX-X asrlardan boshlab koʻplab maktabu madrasalar faoliyat koʻrsatgan. Ilk bor ochilgan oliy oʻquv yurtining tarixi ham asrlarga tutash.
Tarixchi-olimlar, ilm-fan namoyandalari, xalqaro ekspertlar bugungi kunda faoliyat yuritayotgan Samarqand davlat universiteti tamal toshi Oʻrta asrlarda qoʻyilgan Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining vorisi ekanini qayd etmoqdalar.
Xoʻsh, ushbu universitet tarixining koʻhna Sharq sivilizatsiyasida beqiyos ahamiyat kasb etgan Mirzo Ulugʻbek madrasasi faoliyatiga uzviyligi qanday asoslarga ega? Ushbu oliy oʻquv yurtida taʼlim jarayoni bugungi kunda qanday kechmoqda?
Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, texnika fanlari doktori, professor Rustam XOLMURODOV bilan suhbatimiz ana shular xususida boʻldi.
– Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi”, degan nihoyatda hikmatli gap bor, – deydi R.Xolmurodov. – Darhaqiqat, ezgu tutumlar qadriyatga aylanadi, yaxshi fazilatlar qondan-qonga oʻtadi. Jumladan, ilmu ziyo ham suyak suradi. Shu maʼnoda, tamadduniy taraqqiyot ham uzluksizdir. Koʻzga koʻrinmas minglab iplar bilan bogʻlangan uzviy rishtalar yillar, asrlar osha boʻy koʻrsataveradi.
Muayyan davrlar oraligʻida Vatanimiz hududidan Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Fargʻoniy, Hakim Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Xusrav Dehlaviy, Mirzo Ulugʻbek, Xoja Ahror, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdulqodir Bedil, Boborahim Mashrab kabi buyuk siymolar yetishib chiqqan. Ular bashariyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshishgan.
Buni koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz. Lekin tabiiy bir savol tugʻiladi: ushbu insonlar aql-tafakkur, ilm-fan, maʼnaviyat-maʼrifat bobida qanday qilib bunday oliy maqomlarga erishgan? Ular qayerda oʻqigan, kimlardan taʼlim olgan?
Shubhasizki, yuksak bilimga ega boʻlish uchun har qanday inson yuksak darajada taʼlim-tarbiya olishi kerak. Oʻziga xos ilmiy maktablar, muhit, zarur shart-sharoit mavjud boʻlgandagina yetuk salohiyat egalari kamol topadi. Shu bois Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi chuqur ildizlarga egaligi aniq.
Mana shunday fikr-qarashlar necha yillarki yurtimiz ziyolilari orasida aylanib yuradi. Biroq mamlakatimiz hududida faoliyat olib borgan ilmiy maktablar tarixini tadqiq qilishda shu vaqtga qadar aytarli yutuqlarga erishilmagan.
Buning sababi Vatanimiz istiqloligacha bu haqda dadil aytishning imkoni yoʻq edi. Keyinchalik ham bu masalaga panja orasidan qarab kelindi. Mamlakatimizdagi ilk oliy taʼlim muassasasi sifatida 1918-yilda ish boshlagan Oʻzbekiston Milliy universitetigina koʻrsatilardi. Yurtimizda oliy taʼlim tizimi paydo boʻlganiga endigina bir asr boʻlibdi, degan xato va bir tomonlama tasavvur ne-ne allomalarni ulgʻaytirgan xalqimizning shonli tarixiga, qisqacha aytganda, adolatsizlarcha yondashuv edi.
Ana shunday tamoyil bilan oʻzimiz faoliyat olib borayotgan Samarqand davlat universiteti oʻtmishini oʻrgana boshladik. Natijada universitetimizning bir geografik hududda joylashuvi, tarixiy-meʼmoriy inshootlar, asrlar osha bizgacha yetib kelgan qoʻlyozmalar, nodir asarlar, maʼnaviy muhit, anʼanalari, qadriyatlariga koʻra Samarqandda 1420-yildan ish boshlagan Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining vorisi ekani oydinlashdi. Bu yurtimiz tarixida faoliyat koʻrsatgan oliy madrasalar bugungi kundagi oliy taʼlim dargohlarining “ajdodi” edi, degan fikrni beradi.
– Mulohazalaringiz gʻoyat gʻururbaxsh. Lekin qadimda ish yuritgan madrasalarimizda, asosan, diniy taʼlim berilmaganmi, degan tabiiy savol tugʻiladi.
– Fikringiz toʻgʻri. Oʻrta asrlarda har qanday oʻquv maskani taʼlimining asosini islom taʼlimoti tashkil etardi. Shu bilan birga, madrasalarimizda dunyoviy fanlar ham oʻqitilgan va davrlar oʻtishi bilan ularning ulushi ortib borgan. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek madrasasida islom taʼlimoti bilan birga, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyot kabi ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy fanlarning oʻqitilishi ikkinchi Sharq Renessansining vujudga kelishiga turtki boʻlgan.
Aslida, Gʻarbdagi koʻhna deb hisoblangan dastlabki universitetlar tarixiga nazar tashlasak, ularning aksariyati ham avval talabalarga diniy taʼlim berish maqsadida tashkil etilgani ayon boʻladi. Yevropaning bugungi kunda ham mashhur boʻlgan Bolonya (Italiya, XIII asrda asos solingan), Oksford (Buyuk Britaniya, XIII asrning ikkinchi yarmida asos solingan), Kembrij (Buyuk Britaniya, 1209-yili asos solingan), Sorbonna (Fransiya, Parijda 1257-yili tashkil etilgan, asoschisi – ruhoniy Sorbon), Salerna (Italiya, IX asrda Yevropadagi birinchi tibbiyot taʼlim muassasasi sifatida ochilgan, XI – XIII asrlarda juda mashhur boʻlgan), Uppsala (Shvetsiya, 1477-yili arxiyepiskop Yakob Ulfson tomonidan tashkil etilgan), Xaydelberg (Germaniya, 1386-yil 18-oktyabrda “Muqaddas ruh” cherkovida ochilish marosimi oʻtkazilgan) universitetlarining barchasi dastlab diniy taʼlim muassasasi boʻlgan. Davrlar oʻtishi bilan ularda dunyoviy fanlar oʻqitilishi kengaya borgan.
Sharqda ham aynan shunday jarayon kechgan. Xususan, akademik Boʻriboy Ahmedovning qayd etishicha, sohibqiron Amir Temur 1387-yili jurjonlik mashhur olim Mir Sayyid Sharifni Samarqandga olib kelgan va poytaxtdagi oʻzi qurdirgan «Dor ush-shifo» madrasasida dars berishga tayinlagan. «Dor ush-shifo» – “Shifo uyi”, yaʼni shifoxona degani. Mantiqan anglashilib turibdiki, bu madrasada koʻproq tibbiy ilmlar oʻqitilgan boʻlishi kerak. Oradan bir asr oʻtib, Alisher Navoiy sohibqiron Amir Temurdan qolgan shu anʼanani davom ettirdi. U Hirotda aynan tibbiy ilmlardan taʼlim beriladigan «Shifoiya» madrasasini qurdirdi. Tarixchi Xondamir «Makorim ul-axloq» asarida hazrat Navoiyning «Shifoiya» madrasasini bunyod etgani va u yerda tibbiyot sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanganini yozadi: «Shifoiya» (madrasasi) ushbu madrasaning (bu oʻrinda «Xalosiya» madrasasi koʻzda tutilyapti) Gʻarbiy tomonida oʻta toza va sarishta bir tarzda qurilgan boʻlib, hozirgi kunda Mavlono Gʻiyosiddin Muhammad ibn Mavlono Jaloliddin ushbu maskanda tibbiy ilmlardan taʼlim berish bilan mashgʻul”.
Afsuski, taʼlimdagi yuksalish XVI asrdan eʼtiboran muayyan darajada orqaga ketdi. Olimlarimiz toʻgʻri qayd etayotganidek, keyingi asrlardagi urinishlar esa ahvolni oʻnglay olmadi, obyektiv va subyektiv omillar oldingi yuksak darajalarga yetish imkonini bermadi. Maʼlum maʼnoda depsinish va turgʻunlik yuzaga keldi. Gʻarbda diniy taʼlim muassasalarining zamonaviy tushunchadagi universitetlarga aylanish jarayonida ham uzilishlar boʻlgan, masalan, Oʻrta asrlar inkvizitsiyasi va ayrim qirollar siyosati taʼsirida baʼzi universitetlar faoliyati mutlaq toʻxtatib qoʻyilgan davrlar ham boʻlgan. Biroq mamlakat rahbarligiga ochiq fikrli, ziyoli insonlar kelganida ushbu taʼlim dargohlarining faoliyati qayta tiklangan. Hatto ularning yangi rivojlanish davri uchun sharoitlar yaratib berilgan.
– Demak, mamlakatimizda ilk oliy taʼlim muassasasi tashkil etilganiga 600-yil boʻlibdi. Mirzo Ulugʻbek madrasasi qachongacha faoliyat yuritdi? Ushbu oliy oʻquv maskanida taʼlim jarayoni qanday kechgan?
– Tarixchi olim, shoir Zayniddin ibn Abdujalil Vosifiy oʻzining «Badoeʼ ul-vaqoeʼ» (“Goʻzal voqealar”) asarida Ulugʻbekning Samarqandda bino qildirgan madrasayi oliyasiga mudarris tayinlash bilan bogʻliq bir lavhani tasvirlagan. Unda yozilishicha, hijriy 813, milodiy 1420-yil kuz faslining farahbaxsh kuni madrasa qurilishi nihoyasiga yetgan. Hammayoq saranjom-sarishta. Olimlar, tolibi ilmlar, qoziyu quzzot, saroy ahli yangi madrasa hovlisiga jam boʻlgan. Barchani bu firdavsmonand madrasaning birinchi mudarrisi kim boʻlishi masalasi qiziqtirar edi. Mirzo Ulugʻbek toʻplanganlarga murojaat qilib, “Hamma ilmlarda yetuklikka erishgan kishi madrasaning birinchi mudarrisi boʻlsin”, deydi. Shunda odamlar orasidan bir kishi chiqib “Men imtihon topshiraman”, deya daʼvo qiladi. U Mirzo Ulugʻbek rahbarligida 90 olim va talaba huzurida Batlimusning (Klavdiy Ptolomey) «Al-majistiy» asari boʻyicha imtihon darsi oʻtadi. Sinovdan nihoyatda yuksak saviyada oʻtgan bu inson oʻz davrining yetuk olimi va mudarrisi Shamsiddin Muhammad Xavofiy edi.
Shunga asosan, Mirzo Ulugʻbek madrasasida dastlabki darsni 1420-yil 21-sentyabrda Shamsiddin Muhammad Xavofiy oʻqigan. Birinchi darsda 90 nafar tolibi ilm qatnashgan. Maʼruzada Mirzo Ulugʻbek va Qozizoda Rumiy ham hozir boʻlishgan.
Bizningcha, xuddi shu kunni, yaʼni 1420-yilning 21-sentyabrini madrasada oʻquv yilining boshlanish sanasi, deb hisoblash oʻrinli.
Madaniyat, ilm-fan, sanʼat va adabiyot beshigiga aylangan ushbu oliy dargohda Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin al-Koshiy va Ali Qushchi kabi yetuk olimlar faoliyat olib bordi.
Mirzo Ulugʻbek 1018 ta yulduzning holati va joylashuvi bayon qilingan astronomiya jadvalini tuzdi. Ushbu asar astronomik oʻlchovlar boʻyicha 16 asr davomida yaratilgan birinchi yangi katalog edi.
Al-Koshiy birinchi boʻlib oʻnlik kasrlarni ilmiy isteʼmolga joriy etdi, erkin darajalar ildizlarining izchil yaqinlashib borishi va ularni topish metodlarini ishlab chiqdi.
Keyinchalik ilmiy muassasani tark etishga majbur boʻlgan Ali Qushchi Istanbul universitetining asoschilaridan biriga aylandi.
Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasi 500-yil davomida turli tarzda faoliyat koʻrsatib, 1920-yilda uning faoliyati majburan toʻxtatilgan. Ammo keyinchalik oliy pedagogika instituti, pedakademiya, soʻngra Oʻzbek davlat universiteti, hozirda esa Samarqand davlat universiteti sifatida yangi davr, yangi talablar, yangicha yoʻnalishda oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
Shuni inobatga olsak, 1420-yildan bu yogʻiga madrasayi oliya faoliyatida muayyan ijtimoiy-siyosiy vaziyat oʻzgargani taʼsirida bor-yoʻgʻi 7 yilgina, yaʼni 1920 – 1927-yillardagina majburiy tanaffus boʻlgani ayonlashadi.
Tarixiylik, manbaviylik madrasa – universitet tizimi davrlar kesimida taʼlimning Samarqand zaminida uzluksiz davom etganiga asos boʻla oladi. Oʻzbekiston taʼlim tizimi shakllanishi va rivojlanishini milliy madaniyatimizning oʻrta asrlardagi yutuqlari bilan bogʻlash davlatimiz rahbarining taʼlim sohasida olib borayotgan islohotlarining bir koʻrinishi sifatida, uning natijalari yoshlarni vatanparvarlik hamda ilmiy-madaniy merosimizga faxr-iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
– Ildizlari koʻhna tamaddun daryosidan suv ichgan universitetda taʼlim jarayoni bugungi kunda qanday kechmoqda? Zero, ulugʻ ajdodlarga munosiblik masʼuliyatining zalvori katta...
– Bu haqda gap ketganda, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga yondashuv mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʻtarilganini taʼkidlash joiz. Prezident qarori bilan maktabgacha taʼlim tizimi shakllantirilishi, maktab, akademik litseylar faoliyati takomillashtirilishi, yangi institut va universitetlar ochilib, oliy taʼlimga qabul kvotalarining kengaytirilgani, ustoz-murabbiylarni moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirishning kuchaytirilgani strategik chora-tadbirlar boʻldi.
Yangi tipda tashkil etilayotgan bogʻchalar, maktablar, litseylar, atoqli shoir-yozuvchilarning ijod maktablari, Prezident maktablari – “bu zanjir” bizga innovatsion fan bilan mashgʻul boʻla oladigan salohiyatli avlodni kamolga yetkazishga zamin yaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi Renessans davri boshlanayotganiga ishonchimiz komil.
Ana shunday keng imkoniyatlardan foydalanib, taʼlim muassasamizni nafaqat yurtimiz, balki jahondagi ilgʻor universitetlar qatoriga olib chiqish uchun harakat qilyapmiz.
Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston Milliy universiteti bilan birga Samarqand davlat universiteti ham mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirildi.
Konsepsiyaga koʻra, oʻquv yurtimizni xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Bugungi kunda universitetimizda 18 mingdan ortiq talabaga 900 dan ziyod professor-oʻqituvchi taʼlim berib kelmoqda. Jahonda yuksak samara berayotgan kredit-modul tizimini oʻquv jarayoniga bosqichma-bosqich tatbiq etmoqdamiz. Talabalarning nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan mustahkamlashga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari ishlab chiqilmoqda.
Maqsadimiz oliy taʼlim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadigan, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashdir.
Ulugʻ ajdodlarga munosib voris boʻlish uchun hali oldimizda qiladigan ishlarimiz koʻp. Masalan, magistratura taʼlim tizimini tubdan yaxshilash va mazmunan kuchaytirish, uning universitet talabalar tarkibidagi ulushini koʻpaytirishimiz kerak. Jumladan, bugungi kunda taʼlim olayotgan talabalarimizning atigi 4 foizinigina magistrantlar tashkil qiladi. Bunday past koʻrsatkich kelgusida ilm-fan bilan shugʻullanadiganlar hajmini toʻla shakllantirish imkoniyatini yarata olmaydi. Dunyo tajribasiga qaraydigan boʻlsak, chet ellardagi aksariyat nufuzli universitetlarda magistrantlar soni bitiruvchi-bakalavrlar sonining 50 foizigacha tashkil qiladi. Shuning uchun, ilm-fan bilan shugʻullanish qobiliyatiga ega yuqori intellektual massivni oshiramiz desak, magistratura hajmini kelgusida bakalavriaturaga nisbatan 40 – 50 foizgacha yetkazish choralarini koʻrishimiz zarur.
Ilmiy-pedagogik genofondni xorijiy ilmiy maktablarning vakillari hisobiga muntazam kuchaytirib borishimiz lozim, ayniqsa, texnika va texnologiyalar sohasida xorijda ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratishimiz shart. Eng muhimi, bu boradagi ishlar izchil olib borilmoqda.
Universitetimiz tashkil topganining 600-yilligini keng koʻlamda nishonlash niyatidamiz. Bu boradagi targʻibotni kuchaytirish maqsadida shu yil 16-17-iyul kunlari «Samarqand davlat universiteti – Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining vorisi» mavzuida xalqaro onlayn ilmiy anjuman oʻtkazamiz. Taʼlim muassasamiz tarixining dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olinishi universitetlar jahon reytingi roʻyxatida munosib oʻrin egallashiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi, shubhasiz.
Nasib etsa, barcha ezgu orzu-intilishlarimizga, albatta, yetishamiz. Zero, bizlarni allomayu fozil ota-bobolarimizning ruhlari, bugun ham tamaddun daryosining ravon oqishiga bor kuch-gʻayratini, ilmu shijoatini sarf etayotgan insonlar qoʻllab-quvvatlab turibdi. Shoir aytganidek,
Bobolardan meros bu,
Momolar yotgan tuproq.
Madadkoru qoʻllovchi
Ruhlari oʻchmas chiroq.
Allomayu fozillar,
Ulugʻlari bir jahon.
Bu tamaddun daryosi,
Hamon oqmoqda ravon!
Dilshod KARIMOV yozib oldi.
OʻzA