Ishchi guruh investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrgandi
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Prezidentimizning 2020-yil 9-yanvardagi “2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda “Shoʻrtan neftgaz qazib chiqarish boshqarmasida mavjud 3 ta propan-butan aralashmasini olish qurilmasini (UPPBS-3/1,2,5) modernizatsiya qilish” boʻyicha qiymati 49 million dollarlik investitsiya loyihasining amaliyotga tatbiq etilishi bunga yaqqol misoldir.
Loyiha mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida yiliga qoʻshimcha 61 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun 19,32 million dollarga teng Ukrainaning “Sumskoye NPO”, Rossiyaning “KMPO”, “NIPI NG PETON”, “Elektrostandart-pribor”, Shveysariyaning “Endress+Hauser” va boshqa chet el zavodlarida ishlab chiqarilayotgan uskunalarni import asosida xarid qilish koʻzda tutilgan 8 ta xorijiy shartnoma tuzilgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari ushbu investitsiya loyihasi doirasida uskunalar boʻyicha tayyorlash va yetkazib kelish ishlarining holatini oʻrgandi.
Siquv kompressori stansiyasining bir nechta almashuvchi ichki qismlari, boshqaruv klapanlari va oʻlchov va avtomatika uskunalari, past kuchlanishli elektr uskunalari, suyultirilgan gazni saqlash sigʻimlari, separatorlar, laboratoriya jihozlari kabi uskunalar boʻyicha vazifalar belgilab olindi.
Aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh aʼzolarining “Shoʻrtan neftgazqazibchiqarish” boshqarmasiga tashrifi chogʻida loyiha doirasidagi amalga oshirilayotgan ishlar shu kunga qadar 20 foizgagina bajarilgani, qurilish-montaj ishlarining sababsiz kechikayotganligi bois bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” MCHJ rahbariga qattiq ogohlantirish berildi.
Shu munosabat bilan “Muborakneftgazmontaj” MCHJ rahbariga joriy yilning 1-iyuliga qadar 10-sonli gaz haydash agregati, 1/2,4,5,6-sonli havo sovitish apparati, suyultirilgan gaz tovari parki, kabel estakadasi qurilish maydonlarida yer ishlarini tugatish va umumiy qiymatda 8700 m. kub hajmdagi qum-shagʻal qorishmasi bilan mustahkamlagan holda, qayta toʻldirish ishlarini yakunlash borasida topshiriqlar berildi, deb xabar bermoqda “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
.
OʻzA