Toshkent xorijlik mutaxassislar uchun eng arzon shaharlar uchligiga kirdi
Toshkent xorijlik mutaxassislar (ekspatlar) yashashi uchun eng arzon shaharlardan biri deb topildi. Hongkong va Ashxobod esa yashash uchun eng qimmat shaharlar qatoridan o‘rin oldi.
Toshkent xorijlik mutaxassislar (ekspatlar) yashashi uchun eng arzon shaharlar uchligiga kirdi. Bu haqdagi ma’lumotni Mercer kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotda uchratish mumkin.
Tadqiqotlar 25 yildan beri o‘tkazilib kelinadi va dunyo bo‘ylab 209 ta shaharni o‘z ichiga oladi. Tadqiqotlarning asosiy maqsadi horijga o‘z ishchilarini yuborayotgan kompaniyalar o‘z harajatlarini to‘g‘ri taqsimlay olishiga yordam berishdan iboratdir.
Tadqiqotlarning asosiy mezoni yashash narxiga namuna qilib Nyu-York shahri, bazaviy valyuta sifatida AQSH dollari olingan. Bundan tashqari. tadqiqotlarda transport, kiyim-kechak, xo‘jalik mahsulotlari kabi 200 turdagi buyumlarning narxlari ham hisobga olingan.
Reytingga ko‘ra, eng qimmat shahar Hongkong deb topildi. Turkmaniston poytaxti Ashxobod xorijlik mutaxassislar yashashi uchun eng qimmat shaharlar orasida 2-o‘rinni egallagan. Bu borada Ashxobod Tokio, Syurix, Singapur, Seul va Shanhay kabi shaharlarni ortda qoldirgan. Bir yil avval Ashxobod ushbu Cost of Living Survey reytingida 7-o‘rinni egallagan.
Ekspatlar uchun eng arzon shaharlar o‘ntaligini Islomobod (Pokiston), Lusaka (Zambiya), Skope (Shimoliy Makedoniya), Tbilisi (Gruziya), Banjul (Gambiya), Karachi (Pokiston), Toshkent, Bishkek, Vindxuk (Namibiya) va Tunis (Tunis) kabi shaharlar to‘ldirib turibdi.