Toshkent Davlat yuridik universiteti Xalqaro assotsiatsiyalar aʼzoligiga qabul qilindi
Xalqaro yuridik oliygohlar va ularning assotsiatsiyalari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mamlakatimizda oliy yuridik taʼlim sifatini taʼminlashning muhim omillaridan hisoblanadi. Shu maʼnoda, Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga milliy yuridik taʼlim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, ularning raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.
Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash doirasida koʻrilgan dastlabki chora-tadbirlar natijasida kuni-kecha Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi (International Association of Universities – IAU), Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS) va Yevropa huquq fakultetlari assotsiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA) toʻlaqonli aʼzoligiga qabul qilindi.
Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi jahondagi universitetlarni birlashtiruvchi va ularning manfaatlarini ifodalovchi yetakchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Ushbu assotsiatsiyaga dunyoning 130 mamlakatidagi 650 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasalari aʼzo boʻlgan. YUNESKOning rasmiy hamkori hisoblanadigan ushbu assotsiatsiya oʻz aʼzolari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda taʼlim jarayonida yangi bilimlar va innovatsiyalarni qoʻllash masalalariga alohida eʼtibor qaratadi. Taʼkidlash joizki, Toshkent davlat yuridik universiteti mamlakatimizdagi oliygohlar orasida ushbu tashkilot aʼzoligiga qabul qilingan yagona universitetdir.
Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi dunyoning 55 mamlakatidan 155 dan ortiq yuridik oliygohlar va huquq maktablarini oʻzida jamlagan tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning bosh vazifasi dunyoda yuridik maktablar faoliyatini takomillashtirish va yuridik taʼlim tizimini yaxshilashdan iborat. Tashkilot jahon boʻylab, 4 500 dan ortiq huquq sohasida faoliyat yurituvchi pedagoglarning manfaatlarini himoya qiladi.
IALS aʼzolarining yigʻilishlarida yuridik taʼlimning global miqyosdagi maqsadlari va strategiyasi belgilab olinadi. Global forum doirasida yuridik oliy taʼlim muassasalari va fakultetlar rahbarlari tomonidan oʻzaro fikr va tajriba almashiladi.
Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasi 150 dan ortiq aʼzolarga ega boʻlgan Yevropada yuridik taʼlim sifatini oshirish maqsadida muhokama va almashinuv maydonchasini taqdim etish uchun tashkil etilgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning asosiy faoliyati yuridik taʼlimni isloh qilish jarayonini muvofiqlashtirish, yangi standartni ishlab chiqish, universitetlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, huquqshunoslar uchun ish beruvchi hisoblangan tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Ushbu assotsiatsiyalarga aʼzolik Toshkent davlat yuridik universitetida yuridik taʼlim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, jahonning ilgʻor tajribalarini qoʻllash, Yevropa kredit tizimini (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) samarali joriy etish, oʻquv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish imkonini yaratadi, shuningdek universitetni dunyoning eng yaxshi universitetlar xalqaro reytingiga kirishiga xizmat qiladi.
OʻzA