Qibrayda yillik eksport quvvati 1 million dollar boʻlgan korxona barpo etilmoqda
Toshkent viloyati Qibray tumanida filippinlik investorlar bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qoʻshma korxona barpo etilmoqda.
Viloyat hokimi Rustam Xolmatov Qibray tumanida boʻlib, Yangiobod mahallasi hududida Filippinning “LIWAYWAY FOOD” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan “Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihasi bilan tanishdi.
Maʼlumotlarga koʻra, loyiha qiymati 10 million dollar boʻlib, ushbu mablagʻ toʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobidan yoʻnaltirilgan. Korxona tomonidan yiliga ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bir million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Qoʻshma korxonaning loyihalashtirish ishlari Filippinning “LIWAYWAY LTD GROUP” korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi shaharsozlik normalari va qoidalariga moslashtirish ishlari “Nilem Proekt Stroy” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan.
Bugungi kunda loyiha doirasida rejalashtirilgan ofis va yotoqxona binosini qurish boʻyicha tuproq ishlari boshlangan. Filippinning “LIWAYWAY MARKETING GROUP LTD” korxonasi mutaxassislari qurilish ishlari sifatini nazorat qilmoqda.
Joriy yilning 1-sentyabriga qadar qurilish ishlarini yakunlash, avgust oyida esa korxonaga oʻrnatiladigan ishlab chiqarish texnologiyalarini Filippin davlatidan olib kelish rejalashtirilgan. Keltirilgan zamonaviy, resurstejamkor uskunalar avgust-sentyabr oylarida oʻrnatiladi.
Korxona toʻliq quvvat bilan ishlaganda 300 nafar aholini ish bilan taʼminlash imkonini beradi. 2020-yilning 30-sentyabriga qadar loyihani ishga tushirish va birinchi bosqichda 50 ta ish oʻrni yaratish moʻljallanmoqda.
A.XUDOYQULOV, OʻzA