Oʻzbekiston mintaqa boʻylab tranzit tashuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda
Bugungi sharoitda yuklarni qisqa masofa orqali meʼyoriy narxlarda manziliga yetkazishni tashkil etish dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Oʻzbekistonda ham bu borada tizimli ishlar qilinmoqda.
Jumladan, 5-iyun kuni Xitoyning Lanchjou shahridan 25 ta 40 futli konteynerlarda eksport yuki ortilgan poyezd “Lanchjou – Qashgʻar – Irkeshtom – Oʻsh – Andijon – Toshkent – Mari” yoʻnalishida multimodal tranzit tashuvni amalga oshirish uchun yoʻlga chiqdi.
Bu “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” avtomobil koridori imkoniyatlaridan samarali foydalanishni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar natijasidir.
Eslatib oʻtamiz, “Lanchjou – Qashgʻar – Irkeshtom – Oʻsh – Andijon – Toshkent – Mari” yoʻnalishi boʻylab ilk multimodal tranzit yuk tashuvi joriy yilning may oyida amalga oshirilgan edi. Yoʻnalish boʻylab yuk tashuvi “temir yoʻl transporti – avtomobil transporti – temir yoʻl transporti” sxemasida tashkil etilgan edi. Ilk jarayonning oʻziyoq “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” avtomobil koridori imkoniyatlari nihoyatda katta ekanini koʻrsatdi.
Boshqa davlatlar yuklarini jalb qilgan holda bu kabi multimodal tashuvlarni tashkil etish bir nechta davlatlarning xalqaro transport va savdo tizimlariga muvaffaqiyatli integratsiyasiga xizmat qiladi.
OʻzA