Ayrim transport vositalarini olib kirish uchun aksiz soligʻi stavkalari bekor qilinadi
“Tashqi iqtisodiy faoliyatni yana-da tartibga solish va avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-avgustdan boshlab 8701 (traktorlar), 8702 (10 yoki undan ortiq kishini tashishga moʻljallangan motorli transport vositalari), 8703 (yengil avtomobillar) va 8704 (yuk tashishga moʻljallangan motorli transport vositalari) TIF TN kodlar boʻyicha transport vositalarini olib kirishda amalda boʻlgan aksiz soligʻi stavkalari bekor qilinadi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari Prezidentning PQ-3818-son qarori bilan tasdiqlangan.