USAID O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytiradi
USAID O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish va amalga oshirish to‘g‘risida ma'lum qildi.
28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori yordamchisi Gloria Stil iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev va sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev ishtirokida videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
Gloria Stil faqat O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida USAID yo‘nalishi bo‘yicha 120 million AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi loyihalar amalga oshirilganini ta'kidladi. 2020 yilda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash, jumladan laboratoriya bazalari salohiyatini kengaytirish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun USAID O‘zbekistonga 3,8 million dollar ajratdi.
Qayd etilganidek, «Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish» loyihasi fermerlarga meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilishning zamonaviy usullarini joriy etishda yordam berdi. Ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirish maqsadida, USAID «O‘zbekistonda agrobiznesni rivojlantirish» dasturini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Suhbat chog‘ida, shuningdek, savdoni rivojlantirish, energetika sohasini modernizatsiya qilish, o‘rta va oliy ta'limni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Manba: Kun.uz