Vazirlar va hokimlar Prezidentning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishga oid farmon va qarorlar ijrosi bo‘yicha hisob ot beradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ushbu davrda pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qilindi. Davlatimiz rahbari tomonidan joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsayotgani, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkazilmayotgani tanqid qilindi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis palatalari vakillariga joylarda xalq deputatlari kengashlari bilan birga Prezidentning pandemiyaga oid qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan parlament va kengashlarning ta’sirchan nazoratini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.
— Tuman, shahar, viloyat hokimlari, vazirlar har oyda bir marta Prezident qarorlari ijrosi bo‘yicha brifing o‘tkazib, ommaviy axborot vositalari, parlament vakillari va keng jamoatchilik oldida hisob ot berib borsin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki mamlakatimizda karantin choralarini yumshatish tufayli 19 mingdan ziyod (91 foiz) sanoat, 9 mingta (76 foiz) qurilish, 51 mingta (52 foiz) xizmat ko‘rsatish, 45 mingta (44 foiz) savdo korxonalarining faoliyati tiklandi.
Buning natijasida may oyida soliq va bojxona tushumlari o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 230 milliard so‘mga, tovar-xom ashyo birjasida qurilish materiallari savdosi hajmi esa 20 foizga ko‘paydi.
Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish hajmi o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sdi.