2020-yil O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
2020-yilgi Investitsiya dasturiga 3 mingdan ortiq loyiha kiritilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish uchun 235 trillion so‘mlik investitsiyalar, jumladan, 7 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar o‘zlashtiriladi.
Mazkur sarmoyalarning 34 foizi neft-gaz, energetika, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari hamda 52 foizi hududiy loyihalarga tegishli. Shu bilan birga, elektrotexnika, kimyo va oziq-ovqat sanoatida bu kabi investitsiyalarni bir necha baravar oshirish imkoniyati mavjud.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga “o‘sish nuqtasi” bo‘la oladigan axborot texnologiyalari, zargarlik, kimyo, elektr texnikasi, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalariga faol sarmoyalar jalb qilish bo‘yicha alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.
Bugungacha faqat xorijlik investorlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi. Misol uchun, xususiy investor o‘z hisobidan 25 million dollardan ortiq qiymatdagi loyiha boshlasa, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari byudjet hisobidan qurib beriladi.
Shuningdek, chet elda yashayotgan vatandoshlarimizni mamlakatimizga investitsiya kiritishga rag‘batlantirish va ular bilan doimiy ishlash mexanizmi yaratiladi.
Xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga amalga oshiriladigan 98 ta loyiha bo‘yicha mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi tanqid qilindi.
Investitsiya dasturi doirasida joriy yil 206 ta yirik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ulardan 39 tasida muddatdan kechikish xavfi bor. Bu loyihalarning asosiy qismi energetika, to‘qimachilik, elektr texnikasi, transport tarmoqlari hamda Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.