Qogʻozbozlik va ovoragarchilik kamayadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Raqamli iqtisodiyot”ga faol oʻtish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri boʻladi” deb taʼkidlagan edi. Shu boisdan ham joriy yil mamlakatimizda “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yili deb nomlandi.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi aholining ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlami boʻlgan pensiya va nafaqa oluvchilarga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida bir qator interaktiv xizmatlarni joriy etyapti. Navbatdagi yengillik nafaqat nafaqa oluvchilar, balki korxona va tashkilotlar uchun xam qulaylik yaratadi.
Joriy yil may oyidan boshlab ishlovchi pensionerlarga pensiyalar toʻlovini toʻgʻridan-toʻgʻri Pensiya jamgʻarmasi orqali amalga oshirish tizimi joriy qilindi. Buning natijasida 162 mingdan ortiq pensionerga pensiya toʻlovi oyma-oy amalga oshirilib, har oyda 28 mingdan ortiq korxona va tashkilotning talabnomalarni Pensiya jamgʻarmasiga taqdim etish va pensionerga toʻlab berish bilan bogʻliq ovoragarchiliklari bartaraf etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-mayidagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning iyun oyidan boshlab fuqarolar bola tugʻilganda (suyunchi puli) va dafn marosimi uchun nafaqalarni olish uchun Pensiya jamgʻarmasi yoki ish joyiga murojaat qilmasdan, tugʻilganlik yoki vafot etganlik holatini Davlat xizmatlari markazlari (FHDYO)da roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida biryoʻla ariza berish tizimi joriy qilinadi.Natijada har yili oʻrtacha 800-900 ming nafar fuqaroning Pensiya jamgʻarmasi yoki ish joyiga murojaat qilishi bilan bogʻliq ovoragarchilikka barham beriladi.
Ushbu qarorga binoan barcha ishlovchi va ishlamaydigan fuqarolar suyunchi puli va dafn marosimi uchun nafaqalarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yoki “YAIDXP (YEPIGU)“ portali orqali elektron shaklda murojaat qiladi. Bunda fuqarolar suyunchi puliva dafn nafaqasini olish uchun oʻzlariga qulay boʻlgan Xalq banki filialini tanlagan holda, nafaqalarni ushbu filial orqali olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Amaldagi tartib boʻyicha korxona va tashkilotlar joriy oy(may) uchun nafaqa va boshqa toʻlovlarni qoplashga talabnomalarni Pensiya jamgʻarmasiga keyingi oy(iyun)ning 10 sanasiga qadar taqdim etadi.
2020-yil iyul oyidan boshlab esa, korxona va tashkilotlar tomonidan ishlovchi fuqarolarga suyunchi puli va dafn marosimi nafaqalari toʻlovi uchun Pensiya jamgʻarmasiga talabnoma taqdim etilmaydi.Natijada har oyda oʻrtacha 6-7 mingta korxona va tashkilotning talabnomalarni Pensiya jamgʻarmasiga taqdim etish va fuqarolarga toʻlab berish bilan bogʻliq ovoragarchiligi bartaraf etiladi.
2020-yilning 1-iyun sanasiga qadar bola tugʻilganda beriladigan suyunchi puli yoki dafn marosimi nafaqasi uchun Pensiya jamgʻarmasi yoki ish joyiga murojaat qilishga ulgurmagan fuqarolar nafaqalarni tayinlash uchun Davlat xizmatlari markazlariga yoki “YAIDXP (YEPIGU)“ portali orqali elektron shaklda murojaat qiladi. Bunda bola tugʻilganda suyunchi nafaqasini tayinlash uchun bola tugʻilgandan boshlab 6 oy muddatda va dafn marosimi uchun nafaqa tayinlashga fuqaro vafot etgandan boshlab 60 kun muddatda murojaat qilish lozim.
2020-yil iyul oyidan boshlab korxona va tashkilotlar tomonidan 16 yoshgacha nogiron bolalarning ota-onalariga qoʻshimcha dam olish kunlari haqining toʻlanishi va pensiya (nafaqa) tayinlanmagan, biroq uy-joy kommunal toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlganlarga kompensatsiya uchun talabnoma taqdim etilishi mumkin.
B.Meliqulova, OʻzA