“Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan, milliy qadriyat va anʼanalarimizni munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat, himmat va olijanoblik fazilatlarini ulugʻlab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularga beminnat koʻmak berish borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga koʻtarishga katta hissa qoʻshgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, birlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, begʻaraz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan koʻpchilikka alohida oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida:
1. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Mehr-saxovat” koʻkrak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonlari va ularning guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.
4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 26-may
* * *
“Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari:
- jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgani;
- tanti va olijanob xalqimizning buyuk tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, milliy anʼanalarini munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat va himmat kabi yuksak fazilatlarni ulugʻlab kelayotgani;
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga koʻtarishga katta hissa qoʻshgani;
- xayriya va saxovat mablagʻlarini toʻgʻri va xolis yoʻnaltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga oʻz vaqtida beminnat koʻmak berishdagi tashabbuskorligi;
- bugungi murakkab va ogʻir sharoitda jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, birlik va oʻzaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashdagi faolligi;
- begʻaraz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan koʻpchilikka alohida oʻrnak boʻlgani uchun mukofotlanadi.
2. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
4. Mukofotlanganlarga koʻkrak nishoni bilan birga uning guvohnomasi beriladi.
5. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.
* * *
“Mehr-saxovat” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni 0,25 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi.
Koʻkrak nishonining markazida koʻtarilayotgan quyosh nurlari fonida gʻamxoʻrlik bilan quchib turilgan insonlarning ramziy tasviri aks ettirilgan. Koʻkrak nishonining aylanasi boʻylab, yuqori qismida oq emal fonida “MEHR-SAXOVAT” yozuvi va quyi qismida ikkita dafna novdasi joylashgan. Harflar balandligi – 2,2 millimetr.
Koʻkrak nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.
Koʻkrak nishonining qalinligi – 3 millimetr.
Yozuv va tasvirlar – boʻrtma.
Koʻkrak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni ilmoq va halqa yordamida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta qoplangan besh qirrali qadagʻichga ulangan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.