Andijonda innovatsion texnologiyalar yordamida dorivor oʻsimliklar yetishtiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni qurilish ishlari bilan tanishdi.
Ayni kunlarda Andijon viloyatida tajriba-koʻrgazma maydoni qurilishi davom etmoqda. I.Abdurahmonov asosiy bino qurilishini yakunlash, qayta ishlash va ishlab chiqarish zonasi uchun zarur texnikalarni xarid qilishda xalqaro grantlarni jalb qilish zarurligini taʼkidladi.
Tajriba-koʻrgazma maydonining umumiy hududi 9 gektar. Shundan 8 gektari ekin maydoni, 1 gektarda ishlab chiqarish zonasi tashkil etilmoqda. Ekin maydonida dorivor oʻsimliklar turlarini koʻpaytirish va aholi tomorqalariga koʻchat yetkazib berish hamda ularning daromadini oshirish koʻzda tutilmoqda.
Jumladan, bir yilda 20 tonna amarant doni, 1500 tonna ozuqa yem, 16 tonna dorivor oʻsimliklar yetishtirish rejalashtirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 19 milliard soʻmdan ziyod boʻlib, undan 8,38 milliard soʻmi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash fondi, 11 milliard soʻmi Jahon banki mablagʻlaridir.
Tajriba-koʻrgazma maydonida innovatsion texnologiyalar asosida dorivor oʻsimliklar yetishtiriladi va qayta ishlanadi. Mazkur loyiha orqali aholini yangi kasbga oʻrgatish, tajriba maydonida fermerlar, yosh olimlar, ixtirochilar uchun maslahat markazi tashkil etish, mini-texnologiyalar transferini amalga oshirish va odamlarni oʻz oʻzini band qilishiga koʻmaklashish moʻljallanmoqda.
OʻzA