O‘zbekistonda har bir hududda Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Adliya vazirligi manbasiga asoslanib.
Qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi.
Hududlarda yoshlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish texnoparklar faoliyatining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Texnoparklar Innovatsion rivojlanish vazirligi muassisligidagi hamda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
Texnoparklar faoliyati vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Texnoparklar bino va inshootlarini qurish, qayta ta’mirlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash xarajatlari Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
Texnopark direktori tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining tavsiyasiga asosan innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Qaror bilan 2020-2023-yillarda respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini bosqichma-bosqich tashkil etish reja-jadvali tasdiqlandi.