Parlament diplomatiyasi dunyo mamlakatlari orasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan “Parlament diplomatiyasi — xalqaro maydonda yangi O‘zbekiston imidjini mustahkamlashning muhim vositasi” mavzusida videokonferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Qonunchilik palatasi manbasiga asoslanib.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Unda xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimiz milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish va amalga oshirishda parlament diplomatiyasining imkoniyatlarini tahlil qilish va uni rivojlantirish istiqbollariga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Qayd etilganidek, milliy parlamentimiz o‘tgan qisqa davr mobaynida ko‘plab nufuzli xalqaro parlamentlararo tashkilotlarning faol ishtirokchisiga aylandi. So‘nggi uch yil davomida mamlakatimiz Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentlararo assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi kabi nufuzli parlamentlararo uyushmalarga a’zo bo‘ldi.
Videokonferensiya ishtirokchilari parlament diplomatiyasi mamlakatimiz tashqi siyosatining uzviy tarkibiy qismi sifatida xalqaro munosabatlarning mazmuni, darajasi va istiqboliga katta ta’sir ko‘rsatishini alohida qayd etdi.
O‘zbekistonda parlament diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi Konsepsiyasi” loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda muhokama qilinmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining asosiy tamoyillari sifatida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarining ustuvorligi, davlatlarning suveren tengligini hurmat qilish, ichki ishlariga aralashmaslik, parlament diplomatiyasining maqsad va vazifalari davlatning milliy manfaatlariga muvofiqligi, xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish kabilarni ta’kidladi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga oid tasdiqlangan ko‘plab “yo‘l xaritalari” ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ham Oliy Majlisning faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Videokonferensiya yakunida bildirilgan takliflar hamda fikr-mulohazalar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.