Andijonda texnopark ish boshladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida Digital City nomli texnopark bilan tanishdi.
Yaqindagina 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. Hozirda bu yerga tumanlardan 328 mutaxassis jalb etilgan.
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan suhbatda ularni doimiy oʻrganish, izlanishga chorladi.
– Juda toʻgʻri yoʻlni tanlagansizlar. Bu – serqirra va istiqbolli soha. Sizlar boshqalardan 10-15 yil oldin yurishlaringiz kerak. Eng dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha dasturiy mahsulotlar yaratib, xalqimizga va xorijliklarga qulay xizmatlar koʻrsatib, ham oilangizga, ham jamiyatimizga naf keltirishingiz mumkin, – dedi Prezident.
Texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar oʻrganish istagida boʻlgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va oʻquv xonalari, biznes inkubator, media markaz, kibersport xonasi tashkil etilgan.
Tumanlarda axborot texnologiyalari boʻyicha boshlangʻich oʻquv kurslari boʻladi. Ulardan tanlab olingan yoshlar Digital Cityda intensiv ravishda ingliz tiliga oʻqitilib, IT xizmatlar koʻrsatishga tayyorlanadi. Texnoparkdagi 76 nafar tinglovchiga moʻljallangan zalda yil mobaynida 2 mingdan ortiq kishini oʻqitish mumkin.
Majmuada yotoqxona va oshxona tashkil etib, sharoitlarni yana-da yaxshilash, bunday texnoparklarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ochish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu yerda yoshlar bandligini taʼminlash, maktab bitiruvchilarini frilans bozoriga tayyorlash borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi.
Davlatimiz rahbari oliy oʻquv yurtiga kirolmagan yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning qiziqish va layoqatini oʻrganib, kasbga yoʻnaltirish boʻyicha topshiriqlar berdi.