Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro standartlarga muvofiqligi ta’minlanadi
Prezident farmoniga binoan, O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro standartlarga muvofiqligi ta’minlanadi. Organik qishloq xo‘jaligiga o‘tkazilgan yer uchastkalarida ekinlarni joylashtirishda davlat aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
18 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Farmon bilan O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, farmonga ko‘ra, organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global G.A.P.) doirasidagi barcha manfaatdor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.
2020 yil 1 oktyabrga qadar organik qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish tizimlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Farmonga muvofiq, organik qishloq xo‘jaligiga o‘tkazilgan yer uchastkalarida ekinlarni joylashtirish organik standart talablarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan almashlab ekish sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi va ekinlarni joylashtirishda davlat aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, bu sohada ilmiy mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatni rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash” yo‘nalishi bo‘yicha 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab talabalar qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekiston prezidentining qarori bilan mamlakatda hududlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtirilishi haqida xabar berilgandi.