30 million soʻmlik imtiyozli bank kreditlari: natijada 30 nafar ishsiz yoshlarning bandligi taʼminlandi
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak“. Bu ezgu tamoyil endilikda barcha darajadagi rahbarlarning kundalik shioriga aylanib faoliyatlarida dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Navoiy viloyati prokurori 2-sektor rahbari Sh.Aminovning konimexlik yoshlar bilan uchrashuvi oʻgʻil-qizlarning muammolari yechimiga sabab boʻlmoqda.
Muloqot chogʻida yoshlar 2-sektor rahbaridan tadbirkorlik faoliyatini boshlash bilan bogʻliq masalalar, bank kreditlari, Qizilqum vohasida chorvachilik sohasini rivojlantirish singari kun tartibidagi muammolar yechimi yuzasidan maslahatlar va tavsiyalar olishdi.
Chorvadorlar yurti sifatida xalqning eʼtirofiga sazovor boʻlgan Konimex tumanida keyingi yillarda tuyachilik, yilqichilik va naslli qoramollar parvarishlashda oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Ayniqsa tumanning Boymurod, Uchtepa, Sarjal, Eltoy ovul fuqarolar yigʻinlari singari choʻl hududlari chorva mollarini boqishda qulay manzil hisoblanadi. Ovul fuqarolar yigʻinlari tarqoq hududlarda joylashganligi sababli dasht zonalarida mahalliy aholi vakillari asosan chorvachilik bilan shugʻullanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Yer kodeksining” 6, 20-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2019 27-dekabr kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasidagi dolzarb vazifalar toʻgʻrisida” oʻtkazilgan 58-sonli majlis bayoni ijrosini taʼminlash hamda xalq deputatlari Konimex tumani Kengashining 2020-yil 6-martdagi 3/22-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda tuman “Qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini egalik qilishga, foydalanishga, ijaraga berish va mulk qilib berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi” komissiyasining 2020-yil 1-maydagi dalolatnomasiga asosan Konimex tuman hokimining qarori chiqarildi.
Tuman hokimining qarori qizilqumliklar uchun ayni koʻngildagi gap boʻldi. Mazkur qaror ijrosi doirasida ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida tuman zaxira yerlaridan 750 gektar yaylov yerlar uzoq muddatga vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan 25 (yigirma besh) yil muddatga ajratilib, qoʻy-qoʻzilar xarid qilish uchun 30 (oʻttiz) million soʻm miqdorida imtiyozli bank kreditlari ajratilib, natijada 30 nafar ishsiz yoshlarning bandligi taʼminlandi.
OʻzA