YEXHT Sirdaryoga saxovat yuki jo‘natdi
“Sardoba” suv omboridagi o‘pirilish oqibatida yuzaga kelgan toshqindan aziyat chekkan fuqarolarga xayr-saxovat ko‘maklari kelishi davom etmoqda. Sirdaryo viloyatiga jo‘natilgan bu galgi insonparvarlik yordami Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri O‘zA manbasiga asoslanib.
Yevropadan kelgan nufuzli delegatsiya aʼzolarini viloyat hokimining o‘rinbosari D.Madrimov hamda viloyat prokurori R.Masharipov kutib oldi.
Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan yuborilgan insonparvarlik yordamida ko‘rpa-to‘shak, issiq choyshablar, bolalar uchun tagliklar, bir marta ishlatiladigan idish-tovoqlar, tish pastasi, sovun, shampun, antibakterialogik suyuqlik, yuvish-chayish vositalari, gigiyena va antiseptik vositalardan iborat jami 300 million so‘mlikka yaqin mahsulotlar Sirdaryo viloyati “Dori-darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ochiq turdagi bojxona omboriga tushirildi.