BUGUNGI KUN TALABI - aholi bandligi va daromadlarini oshirish
Ayni damlarda butun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi Vatanimizni ham chetlab oʻtmadi. Bugunga kelib infeksiya bilan kasallangan yurtdoshlarimizning qariyb 80 foizi butunlay darddan forigʻ boʻldi.
13-may kuni Yurtboshimiz tomonidan oʻtkazilgan videoselektr yigʻilishida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni yana-da oshirgan holda yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish boʻyicha bir qator masalalar koʻrildi va bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda pandemiya sharoitida avvalgi berilgan imtiyozlarga qoʻshimcha ravishda tadbirkorlar va aholini qoʻllab-quvvatlash tadbirlari izchil davom etishi yuzasidan ham muhim topshiriqlar ilgari surildi. Xususan, may-iyul oylarida kichik biznes va fermer xoʻjaliklariga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilib, kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etildi. Aprel-may oylarida mingdan ziyod tadbirkorlarning yer va mol-mulk soliqlari va penyalari boʻyicha kechiktirilgan 80 milliard soʻm toʻlovlari kechib yuborilishi, shuningdek, bojxona toʻlovlarini 120 kungacha kechiktirib toʻlashga ruxsat berildi. Bundan koʻrinadiki, ushbu imtiyozlar natijasida partiyamiz elektorati hisoblangan minglab tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklari oʻz mablagʻlarini tejagan holda, sarmoya va aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish, faoliyatlarini yana-da kengaytirish imkoniga ega boʻldilar.
Zero, dunyo hamjamiyatida koronavirusga qarshi vaksina, davolaydigan dori vositasi topilmagan ayni vaziyatda xalqimizni ushbu sharoitda yashash va ishlashga oʻrgatish, amalga oshirilayotgan islohotlardan toʻgʻri va oʻz oʻrnida foydalanish boʻyicha aholi oʻrtasida keng koʻlamli targʻibot ishlarini yana-da kuchaytirishimiz bugun har qachongidan ham dolzarb masaladir.
Xulosa oʻrnida aytishim mumkinki, aholi bandligini taʼminlash va daromadlari keskin kamayishining oldini olish, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha videoselektrda ilgari surilgan vazifalarni masʼuliyat bilan ado etishga hissa qoʻshish barchamizning insoniy burchimizdir.
Hojiakbar Hojimatov,
Xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi,
OʻzLiDeP Quva tuman Kengashi raisi
241
O'zA