Xorijdagi vatandoshlarga yordam berish uchun #BIRGAMIZ loyihasi ishga tushirildi
Pandemiya sharoitida xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan migrantlarga yordam berish maqsadida «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida #BIRGAMIZ loyihasi ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi manbasiga asoslanib.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan faol blogerlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘ygan ushbu loyiha faol va saxovatpesha yurtdoshlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Loyiha doirasi qisqa vaqt ichida shu kunga qadar Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, BAA va boshqa mamlakatlarda ish bilan band bo‘lgan, pandemiya oqibatida esa qiyin ahvolga tushib qolgan 300 nafar yurtdoshimizga oziq-ovqat mahsulotlari, yordam pullari taqdim etildi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish va jarayonlarning tezkorligini taʼminlash uchun loyihaning www.birgamiz.com sayti ishga tushirilgan, murojaatlarni elektron qabul qilish xizmati va qo‘ng‘iroqlar markazi (Call-center) xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.