Aks-sado: Bobolar jasorati, matonat madhiyasi abadiy
Xalqimiz bu yil 9-may – Xotira va qadrlash kunini oʻzgacha nishonladi. El boshiga ish tushgan bugungi kunlar fonida aytish mumkinki, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar yurtdoshlarimizni tarixga yangicha nigoh bilan qarashga undadi. Avvalo, davlatimiz rahbarining ushbu tadbirdagi chiqishida ikki muhim jihat eʼtiborimizni tortdi.
Birinchisi, oʻzbekistonliklarning bu maʼshum urushda ishtiroki bilan bogʻliq raqamlarga aniqliklar kiritildi. Yaʼni, shu paytgacha urushda Oʻzbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb qayd etilardi. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra olib borilgan oʻrganishlar natijasida maʼlum boʻldiki, aslida Ikkinchi jahon urushida 1 million 951 mingga yaqin vatandoshimiz qatnashgan ekan. Vaholanki, oʻsha paytda Oʻzbekiston aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan. Demak har uch oʻzbekistonlikdan bittasi urushda qatnashgan va bu raqamlar fashizm ustidan ustidan qozonilgan gʻalabada ota-bobolarimizning hissasi katta ekanini koʻrsatadi.
Raqamlarga murojaat etishda davom etamiz, oʻsha davrda “quloq” sifatida boshqa oʻlkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgan, ilgari 396 ming Oʻzbekiston fuqarosi urushda halok boʻlgan, deb aytilgan, oʻrganishlarda esa 538 mingdan ziyod yurtdoshimiz dahshatli qirgʻinbarotlardan omon chiqmagani, 158 mingdan koʻproq vatandoshimiz bedarak ketgani aniqlandi. 120 ming hamyurtimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan, deb kelinardi, aslida 200 mingdan ziyod yurtdoshimiz jasorati munosib taqdirlangan ekan. Shu paytgacha qayd etilganidek, Sovet Ittifoqi Qahramonlari 280 emas, 301 nafar boʻlib chiqdi. Bu raqamlar tahlili odamni oʻylantirib qoʻyadi: sovet tuzumi targʻibotchilari urushda qozonilgan gʻalabada boshqa millat vakillarining hissasini atayin kam koʻrsatishganmikan?..
Ikkinchi eʼtiborimizni tortgan jihat shuki, bugunga qadar yurtimizda Ikkinchi jahon urushiga atab yagona majmua yaratilmagan. Joriy yil 9-may kuni poytaxtimizda oʻziga xos majmua ochildi. Endi yurtdoshlarimiz Gʻalaba bogʻi, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlarini tomosha qilishi mumkin. Hammamizga yaxshi maʼlumki, mamlakatimizda onalarga atab Motamsaro ona va Baxtiyor ona haykallari bunyod etilgan. Bu haykallar oʻzida oʻzbek onalarining umumiy qiyofasini aks ettirgan boʻlsa-da, tarixiy shaxs timsoliga ega emas edi. Gʻalaba bogʻida oʻrnatilgan “Matonat madhiyasi” monumentida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida yashab oʻtgan Zulfiya Zokirova va uning muhabbatda vafoli, sadoqatli kelinlari timsoli mahorat bilan aks ettirildi. Zulfiya aya va uning urushga ketib qaytmagan besh oʻgʻli hamda toʻrt kelini hayotiga atab ishlangan qahramonlik qasidasi – “Ilhaq” badiiy filmining bayram kuni namoyish etilishi ham yurtdoshlarimiz uchun ajoyib sovgʻa boʻldi.
Prezidentimiz oʻz nutqida urush qatnashchilarining qahramonliklari hali toʻliq ochilmaganini, bu boradagi izlanishlar davom ettirilishini, yangi maʼlumotlar bilan Gʻalaba bogʻidagi “Shon-sharaf” muzeyi doimiy ravishda boyitib borilishini, yangi tarixiy maʼlumotlar asosida har yili 9-may bayrami arafasida alohida kitob tayyorlab, nashr etish zarurligini tarixchi olimlarimiz, tadqiqotchilar oldiga vazifa qilib qoʻydi. Endi gap tarixchi olimlarimiz, tarixiy haqiqatni tiklashga intiluvchi izlanuvchilarda qoldi.
Albatta, tarix xolis, bor boʻy-basti bilan yozilishi kerak. Shundagina tarixiy adolat barqaror boʻladi.