Shavkat Mirziyoyev: Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida boʻlib turibdi.
Yomgʻir yogʻib, kuchli shamol boʻlgani sababli 1-may kuni ertalab Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilgan edi. Oqibatda suv oqimi aholi punktlari, kommunikatsiya tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi maydonlariga katta zarar yetdi.
Davlatimiz rahbari zudlik bilan voqea joyiga yetib keldi. Hukumat komissiyasi tashkil etilib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish va ularga har tomonlama yordam berish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrildi.
Prezidentimiz Oqoltin tumanida aholi bilan uchrashib, ofatdan jabrlangan har bir inson alohida eʼtiborga olinishi, hamma uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanishini taʼkidladi.
– Bu hech kim kutmagan sinov. Birinchi harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga koʻchirish boʻldi. Eng katta masala – oʻlim boʻlmasligi. Oqsoqollar, mahalla raislari va nozirlaridan iltimos qilaman: odamlarni yigʻib, uylarga, palatkalarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan taʼminlab, mahallama-mahalla saranjom qilib olishimiz kerak. Buning uchun hamma kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi boʻlmaguncha bironta rahbar ketmaydi. Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tezkor chora-tadbirlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar, qurilish-taʼmirlash tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa xizmatlar mutaxassislari safarbar etildi. Suv ombori yaqinidagi mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Jumladan, tumanlarda tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, korxona va xonadonlarga joylashtirildi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi va maxsus texnikalari aholini evakuatsiya qilish va tegishli xoʻjalik obyektlarini jihozlash uchun safarbar qilindi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari evakuatsiyaga koʻmaklashish, tartibni saqlash ishlariga jalb etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori toʻgʻoni ochilgan joyga borib, uni koʻzdan kechirdi. Hukumat komissiyasi va mutaxassislar bilan muhokama qilgan holda suv oqimini toʻxtatish uchun zarur kuch va vositalar jalb qilindi.
Hozirda toʻgʻondan suv chiqishi toʻxtagan. Toshgan suv oqimi Oqoltin tumanidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan.
Prezidentimiz vaziyatni shaxsiy nazoratga olgan.
Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatida boʻlib turibdi.