O‘zbekistonning SOVID-19ga qarshi kurashiga bag‘ishlangan axborot materiali BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida e’lon qilindi
Mamlakatimizning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan taqdim qilingan «O‘zbekiston Respublikasi koronavirus (SOVID-19) pandemiyasiga qarshi kurashmoqda» mavzuidagi axborot materiali BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e’lon qilindi, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Hujjat Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha rasmiy tillariga tarjima qilingan va tashkilotga a’zo barcha davlatlarga tarqatilgan. Shuningdek, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy hujjatlar tizimiga joylashtirilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hujjatda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan izchil sa’y-harakatlar, shu jumladan inqirozning aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan.
Axborot materialida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan tuzilgan koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi hamda 10 trillion so‘mlik (1 milliard dollar) Inqirozga qarshi kurashish jamg‘arma faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiy hujjatida O‘zbekiston pandemiya sharoitida qo‘shni davlatlar bilan mintaqa va dunyoda koronavirus tarqalishi xavfiga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha faol hamkorlik olib borayotgani ta’kidlangan. Shu ma’noda, BMT O‘zbekiston tomonidan SOVID-19 paydo bo‘lgandan buyon Xitoy, Afg‘oniston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Ozarbayjon, Vengriya va Rossiyaga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordamini yuqori baholagan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, rasmiy hujjatda 2020 yil 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari videosammitida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ilgari surilgan qator muhim tashabbuslarga e’tibor qaratilgan. Ular orasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan logistika va transport sohasidagi muammolarni hal qilish orqali aholini eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan uzluksiz ta’minlash, chegara punktlari orqali yuklarni tashishda amaliy yordam berishga oid tashabbuslari alohida qayd etilgan. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va ixtisoslashgan ko‘p tomonlama tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarning dolzarbligi ta’kidlangan.
Materialda O‘zbekistonning dunyoda hech bir mamlakat pandemiyaga qarshi yakka o‘zi kurasha olmaydi, degan nuqtai nazari, shuningdek, mamlakatning BMTga a’zo barcha davlatlar bilan SOVID-19ga qarshi kurashishda yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekaniga alohida urg‘u berilgan.