BMT va YXHT vakillari Jizzaxda “Obod qishloq” dasturi doirasida qilingan ishlar bilan tanishdi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer va Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti loyihasining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Jon Makgregor Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida “Obod qishloq” dasturi doirasida qurilgan “Oltinko‘l” mahallasidagi yangi turar joy massivi bilan tanishdi. Bu haqda “Daryo”ga Prezident Xalq qabulxonasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, tuman markazida 1960—1970-yillarda qurilgan 88 ta barak tipidagi uyning 611 ta xonadonda 939 ta oila qiynalib yashab kelgan edi.
O‘tgan yili bu oilalar uchun Oltinko‘l mahallasi hududida 435 ta, Olmazor qishlog‘ida 305 ta jami 740 ta yakka tartibdagi zamonaviy milliy uslubdagi uy qurildi. Barak uylar egalarining qolganlari yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarga ko‘chib o‘tdi.
Mehmonlar “Oltinko‘l” mahallasida turar joy massivida yangi uylarga ko‘chib chiqqan odamlarning yashash sharoiti bilan tanishdi. Kommunikatsiya tarmoqlari, elektr, gaz, ichimlik suvi, ichki yo‘llar qurilishidagi ishlar bilan ham qiziqdi. Mahallada “Paxtasanoat” tomonidan bunyod etilgan 150 ish o‘rinli tikuvchilik sexi faoliyati bilan qiziqdi.
– Bu yerda ko‘rganlarim men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, – deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer. – Odamlarning uy-joy bilan ta’minlash, ular uchun yashash sharoiti yaratib berish masalasi BMT faoliyatidagi eng muhim masala hisoblanadi. Biz, O‘zbekiston hukumatining bu masalani hal etishga juda katta e’tibor bilan qarayotganidan juda mamnunmiz. Biz intilishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
Xuddi shunday fikrlarni Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakili ham bildirdi.
– Uy odamlarga faqat boshpana emas, bu inson bexavotir yashaydigan eng birinchi maskandir, — deydi janob Jon Makgregor. – Bu yerda odamlar uy bilan ta’minlangan. Yana bir muhim jihat odamlarning yashashi uchun eng zarur vosita bo‘lgan ish joyidir. Yevropa standartlari talablariga yaqin tikuvchilik korxonasi barpo etilgani hukumat bu masalani ham hal etayotganligi natijasidir. Bu muvaffaqiyatlar odamni quvontiradi.
Shuningdek, mehmonlar mahalla guzari qurilishi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish inshootlari, 50 nafar bolaga mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasi, sun’iy to‘shamali sport maydonchasi qurilishi bilan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan ikki yilda Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida respublikaning 159 ta tuman, 30 ta shahar va Toshkent shahrining 11 tumanlaridagi jami 1116 ta qishloq va mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Manba: Daryo.uz