O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga qo‘shildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yil 24-aprelda “Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbir Adliya vazirligi manbasiga asoslanib.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyaga (Istanbul, 1990-yil 26-iyun) qo‘shilib, uning quyidagi ilovalarini qabul qilmoqda:
– Vaqtincha olib kirish hujjatlari to‘g‘risida (A.T.A karnetlari va C.P.D karnetlari);
– Ko‘rgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar yoki shu kabi tadbirlarda namoyish qilish yoxud foydalanish uchun tovarlar to‘g‘risida;
– Professional asbob-uskuna to‘g‘risida;
– Tijorat operatsiyasi munosabati bilan olib kirilgan konteynerlar, poddonlar, o‘ramlar, namunalar va boshqa tovarlar to‘g‘risida;
– Taʼlim, ilmiy yoki madaniy maqsadlarda olib kirilgan tovarlar to‘g‘risida;
– Sayohatchilarning shaxsiy buyumlari va sport maqsadlarida olib kirilgan yuklarga tegishli ilova.
Shuni qayd etib o‘tamizki, konvensiya olib kirish bojlari va yig‘imlarini to‘lashdan shartli ravishda ozod qilgan hamda iqtisodiy tusdagi importga nisbatan taqiq yoki cheklovlarni qo‘llamagan holda ayrim tovarlar va transport vositalarini bojxona hududiga olib kirishni tartibga soladi.
O‘zbekiston tomonidan masʼul bo‘lgan vakolatli organ – Davlat bojxona qo‘mitasi. Idora 2 oy muddatda konvensiyani qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashi shart. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi hujjatlarni beradi va vaqtincha olib kirish shartlari buzilgan taqdirda bojxona to‘lovlari to‘lanishini kafolatlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va joriy yilning 24-aprelidan kuchga kirgan.