YUNKTAD bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 22-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov hamda BMTning Savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) bosh kotibi M.Kitui ishtirokida videokonferensiya muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri vazirlik manbasiga asoslanib.
Tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish va O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun YUNKTADning texnik yordamida hamkorlikni jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida M.Kitui Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish va uni boshqarishning bozor tamoyillarini joriy etish borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. So‘nggi yillarda xorijiy ishbilarmon doiralar vakillarining mamlakatda amalga oshirayotgan iqtisodiy o‘zgarish (transformatsiya) jarayonlariga qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan, “O‘zbekistonning investitsiya siyosati sharhi”ni hamda “O‘zbekistonning investitsion yo‘l ko‘rsatkichi”ni tayyorlash, nashr etishda hamkorlik qilish taklif etildi. Bunday tahlil mamlakat tarixida faqat 1999-yilda va 2009-yilda amalga oshirilgan.
O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi. Shu asosda “Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqishda YUNKTAD tomonidan ko‘maklashish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi. Konsepsiyani dastlab sinov tariqasida Xorazm viloyatidagi Hazorasp erkin iqtisodiy zonasida tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
M.Kitui YUNKTADning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash maxsus dasturi doirasida O‘zbekistonning meva-sabzavot sektorida qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bundan tashqari, tashkilot rahbariyati O‘zbekiston agrar sektori uchun qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish bo‘yicha maxsus dasturni tayyorlashga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayonidagi hamkorlik ham samarali bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, YUNKTAD O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirishi va Yevropa Ittifoqining “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimining benefitsiar-mamlakati maqomini olishini qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud vosita va mexanizmlardan foydalanishga, ushbu masalalarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston muvofiqlashtiruvchilari va muzokarachilarining malakasini oshirishga tayyor.
Muzokaralarda texnologiya va raqamlashtirish sohasidagi qo‘shma tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratildi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish hisobini olib borish bo‘yicha milliy statistika tizimini takomillashtirish, bojxona jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va ularning aloqasiz ishlash rejimiga o‘tishini taʼminlaydigan “ASYCUDA” tizimini bojxona organlari tuzilmasiga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston investitsiya portalining funksional imkoniyatlarini rivojlantirish va uni xorijiy ishbilarmon doiralar orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha texnik maslahatlar berishda YUNKTAD rahbariyati o‘z ko‘magini taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar faol hamkorlikka tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladi, qo‘shma tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ustuvor harakatlar rejasini belgilab oldi.
Maʼlumot uchun, BMTning Savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) 1964-yilda tashkil etilgan bo‘lib, savdo va rivojlanish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining muvofiqlashtiruvchi tashkiloti hisoblanadi.