JAHON BANKI EʼTIROFI: “Oʻzbekiston taʼlimni pandemiyaga tezda moslashtira oldi“
Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, 24-aprel kuni Jahon banki veb-saytida “Oʻzbekiston: maktabni yopishda taʼlimga oʻz vaqtida javob berish” sarlavhali maqola chop etildi. Material mualliflari Jahon bankining Taʼlim sektori menejeri Garri Patrinos, katta oʻqituvchi Yanssen Teyxeyra va Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi taʼlim boʻyicha mutaxassisi Nodira Meliboyeva.
Maqolada taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston hukumati kasallikning birinchi holati roʻyxatga olingan kuni COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun barcha maktablarni yopishga qaror qilgan. Ikki kun oʻtgach, Taʼlim vazirligi karantin davrida 6,1 million oʻquvchi uchun masofaviy oʻqitishni joriy etish boʻyicha misli koʻrilmagan rejani eʼlon qildi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, masofaviy taʼlimga oʻtish holatida butun dunyo boʻylab talabalar, resurslar va elektron taʼlim imkoniyatlaridan teng foydalana olmaydi. Aslida, pandemik inqirozning bunday turi nomutanosib ravishda eng zaiflarga taʼsir qiladi, ularning aksariyati uzoq tumanlarda istiqomat qiladi va elektron qurilmalar yoki internetga ega emas, deyishadi Jahon bankining rasmiylari.
Mualliflarning fikriga koʻra, respublikada cheklangan internet qamrovi sharoitida televizion darslarning boshlanishi, bu — Oʻzbekiston rasmiylarining anʼanaviy oʻqitish usullarini vaqtincha toʻxtatib qoʻyilishiga eng toʻgʻri javobidir, chunki raqamli eshittirish butun mamlakatni qamrab oladi va isteʼmolchilardan qoʻshimcha xarajatlar va yangi infratuzilma yechimlarini talab qilmaydi.
Taʼkidlanishicha, bir necha kun ichida 350 dan ortiq video darslar oʻzbek, rus va imo-ishora tilida milliy telekanallarda namoyish etilib, materiallar vazirlikning ijtimoiy platformalarida, shu jumladan, You tube va Mover.uz video-xostlarida ham joylashtirildi.
Taʼlim vazirligining internet-provayderlari va GSM uyali aloqa operatorlari elektron manbalaridan bepul foydalanish imkoniyatini yuqori baholanmoqda, bu esa oʻz navbatida texnik bilimga ega boʻlgan barcha talabalar uchun onlayn taʼlim olish imkoniyatini sezilarli darajada oshirdi.
Hozir kuniga oʻrtacha 100 ta video darslar joylanmoqda, bu taʼlim dasturlarining pandemiyada uzilishlarsiz uzluksiz oʻtishini taʼminlaydi.
Xalqaro tashkilot vakillarining fikriga koʻra, inqiroz davrida yaxshi ishlab chiqilgan onlayn dastur va favqulodda masofadan oʻqitish oʻrtasida farq bor. Ularning fikriga koʻra, koʻplab mamlakatlarning noanʼanaviy oʻqitish turlarini joriy qilishdagi harakatlari koronavirus pandemiyasi ularga beradigan qimmatli tajribani saqlay olishi kerak.
Umuman olganda, Jahon banki mutaxassislari taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonning favqulodda vaziyatga tezkor va ijodiy munosabati respublika hukumatining pandemiya vaqtida oʻqishga yordam berishga qodir boʻlgan guruhlarga qoʻshimcha yuklarisiz oʻz vaqtida choralar koʻrish qobiliyatidan dalolat beradi.
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, OʻzA