O'zbekiston salohiyati nufuzli "Singapore Fintech Festival" tadbirida namoyish etildi

Singapurda moliya texnologiyalari sohasining halqaro miqyosdagi eng nufuzli va yirik tadbirlaridan biri "Singapore Fintech Festival" tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.
Butun dunyodan kelgan minglab ishtirokchilar qatorida anjumanda O'zbekiston vakillari ham ishtirok etib, mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan Fintech ekotizimini taqdim etdilar.
Ko'rgazma doirasida tashkil etilgan O'zbekiston milliy pavilyonida respublikamizning Fintech kompaniyalari va banklari, jumladan "Payme", "MEDIA", "Paynet", "Uzcard", "Fido-biznes", "Alif" xamda "Kapital bank", "Uzum bank", "TBC bank" o'z mahsulot va xizmatlarini namoyish qildilar va dunyoning ko'plab mamlakatlaridan kelgan ilg'or texnologik provayder va investorlar bilan aloqalar o'rnatish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
O'zbekiston Markaziy banki va Fintech uyushmasi vakillari esa mamlaktimizda sohani rivojlantirish va tartibga solish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohatlar va yaratilgan qulayliklar haqida ma'ruzalar qilishdi.
Tadbirda respublikamiz moliya texnologiyalar bozori salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar va o'zbek kompaniya va banklari bilan hamkorlik borasida ikkitomonlama muzokaralarda ishtirok etgan ko'plab xorijiy ishbilarmonlarning fikricha, O'zbekiston ushbu sohada yaratilgan investitsion muhit va rivojlanish strategiyasi tufayli mintaqada yetakchilardan biriga aylanib, investorlar uchun o'z jozibadorligini yana bir bor namoyish etdi.