Innovatsion farmatsevtika klasteri qurilishi boshlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning videokonferensaloqa orqali ishtirokida 17-aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlandi.
Telemuloqot chogʻida davlatimiz rahbari bu yerda innovatsion va yuqori sifat koʻrsatkichlariga ega boʻlgan dori-darmonlar, tibbiy mahsulot va texnik vositalar ishlab chiqarish, aholining bu boradagi talab va ehtiyojlarini taʼminlash, zamonaviy kadrlar tayyorlash, shuningdek, mamlakatimizda farmatsevtika sohasini yana-da rivojlantirish, samarali infratuzilma yaratishga qaratilgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish boʻyicha boshlangan ishlar va rejalar bilan tanishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil yanvar oyida qabul qilingan qarori bilan klasterni tashkil etish boʻyicha konsepsiya va amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan edi.
Ushbu maqsadda Zangiota tumanida jami 79 gektarlik yer maydoni ajratildi. Jami 14 ta investitsion loyiha amalga oshirish orqali mintaqada yagona zamonaviy farmatsevtika klasteri hamda 1700 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Klaster texnopark va sanoat zonasidan iborat boʻladi.
Texnopark hududida akademik, ilmiy hamda dori-darmonlar ishlab chiqararadigan sektorlar joylashadi. Xususan, bu yerda Farmatsevtika texnik universitetini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu oʻquv dargohida dori vositalari, tibbiyot mahsulotlari va texnikalar, kosmetologiya va boshqa ashyolar ishlab chiqarish sohasida xalqaro taʼlim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.
Sanoat zonasida yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining innovatsion dori vositalari ishlab chiqarish maydonlari barpo etiladi.
Kelgusida bu yerda chet el klinikalari, tibbiyot markazlarini ochish, klasterning infratuzilmalarini yana-da rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Koreya Respublikasi Eksimbankining Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik fondi bilan uzoq muddatli kredit yordamida klasterning ilmiy va taʼlim tuzilmalarini moliyalashtirish haqida kelishuvga erishildi.
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri Homiylik kengashi hamda rivojlantirish direksiyasi tuzildi. Uning faoliyatini Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi amalga oshiradi.
Tashkil etilayotgan klaster sohada oʻziga xos birinchi “ilmiy shaharcha” boʻlib, u butun tarmoq uchun mustahkam poydevor yaratadi. Unda xalqaro tajribani keng qoʻllash, xorijdan investitsiyalar va ilgʻor ilmiy ishlanmalarni jalb qilish, innovatsion yechimlar va yuksak texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan yurtimizda farmatsevtika rivojini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.