O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlik turlari ro‘yxati kengaytiriladi
Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda umumiy ovqatlanish tarmog‘ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko‘rsatishda 19 ming, transportda 7 ming korxona faoliyatini to‘xtatgan yoki tushumlari keskin kamaygan.
Vaholanki, karantin sharoitida ham oziq-ovqatlar va tovarlarni yetkazib berish, ko‘chma savdo va xizmatlarni tashkil etish orqali bu korxonalarning kamida 70 foizini ishlatish mumkin.
Shu bilan birga, karantin talablariga qat'iy amal qilgan holda, to‘lovlarni qabul qilish, sug‘urta, mikrokredit xizmatlarini ham yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.
Shulardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasiga yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
«O‘tgan yil sentyabrdan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish boshlangan bo‘lsa-da, bu hali yetarli darajada samara bermayapti.
Shu bois o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat yuritishi uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish zarurligi ta'kidlandi.
Hozirda bunday kishilarga 85ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan. Yig‘ilishda bu ro‘yxatni kengaytirish, qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerakligi aytildi. O‘zini o‘zi band qilgan odamlar faqat xabardor qilish orqali ro‘yxatdan o‘tib ishlaydigan mexanizm joriy etiladi.
Yurtimizda hunarmandchilik yaxshi an'analarga va ulkan salohiyatga ega. Bugungi kunda 25 mingdan ziyod usta, shogirdlari bilan qo‘shib aytganda jami 80 mingga yaqin oila shu sohadan daromad topmoqda.
Yig‘ilishda masofaviy o‘quv kurslar tashkil etib, yoshlar va ayollarga hunar o‘rgatish, o‘z maktabiga ega hunarmand ustalar tajribasini televideniye orqali ommalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
«Hunarmand» uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga hunarmandchilik mahsulotlarini O‘zbekiston milliy brendi ostida xorijda sotishni ta'minlovchi onlayn platforma yaratish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda ko‘plab yoshlar uyida o‘tirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar ko‘rsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, ya'ni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, to‘lovlarni qabul qilishda qator to‘siqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketmoqda.
Shu bois mutasaddilarga bunday faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga o‘rgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop bo‘lgan to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Videoselektor yig‘ilishida soha mutasaddilari va hokimlar belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.