Koronavirusga qarshi kurashda ikki xil amaliyot – “Xitoy uslubidagi yondashuv” va “Britan-shved” tajribasi mavjud
Yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat dunyoning koʻplab mamlakatlarida keskinligicha qolmoqda. AQSHning Jon Xopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunga kelib dunyo boʻylab jami 2,5 million nafarga yaqin ortiq odamda COVID-19 aniqlangan. Ulardan
625 ming nafarga yaqini sogʻaygan boʻlsa, taassufki, salkam 165,3 ming nafari vafot etgan. Virusga chalinganlar soni boʻyicha AQSH, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Eron va Turkiya kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda. Afsuski, ushbu ofat bizning yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda infeksiya yuqtirib olganlar soni 1565 nafarni, sogʻayganlar 225 kishini, vafot etganlar esa 5 nafarni tashkil etmoqda.
Jahon amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ikki xil amaliyot – “Xitoy uslubidagi yondashuv” va “Britan-shved” tajribasi mavjud. “Xitoy” yondashuvining asosiy mazmuni davlat tomonidan keskin karantin choralarini amalga oshirish, ijtimoiy masofalanish qoidalariga qatʼiy amal qilish, ommaviy tadbirlarni taqiqlash, transport vositalari harakatini cheklash, gigiyena qoidalariga ogʻishmay rioya etishdan iboratdir. Bunda asosiy maqsad infeksiya zanjirini uzish, kasallikka chalinganlarni tezkorlik bilan aniqlash va ularni sogʻlom aholidan ajratib olishga qaratilgan. Oʻz navbatida, “Britan-shved” tajribasi fuqarolarning oʻz intizomiga koʻproq tayanish, davlat tomonidan cheklov choralarining keng qoʻllanmasligi, “olomon” immunitetiga umid qilishdan iboratdir. Mutaxassislar fikricha, “Britan-shved” tajribasi “tabiiy saralanish” gʻoyasiga tayanib, bunda immuniteti past, yoshi ulugʻ insonlar pandemiyaning qurboni boʻlishi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Shuni taʼkidlash oʻrinliki, infeksiya bilan kasallanganlar sonining tez surʼatda oʻsishi (hattoki, Bosh vazir Boris Jonson ham kasallikka chalinishga ulgurdi) sababli Buyuk Britaniya oʻzining “liberal” yondashuvini oʻzgartirib, keskin cheklov choralarini kiritishga majbur boʻldi. Xususan, bugungi kunga kelib, ushbu mamlakatda infeksiya bilan ogʻriganlar soni 121 mingdan oshib, 15 mingdan oshiq inson vafot etdi.
Oʻzbekiston hukumati yurtimizda koronavirus infeksiyasining qayd etilishi ortidan xalqimiz salomatligi, fuqarolar osoyishtaligini koʻzlagan holda bir qator karantin choralarini kiritdi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, koʻrilgan choralarning samarasi oʻlaroq, aholi soniga nisbatan olinganda 19-aprel holatiga MDH davlatlari orasida infeksiya tarqalishning oldini olish boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkich aynan Oʻzbekistonga tegishlidir. Jumladan bu davrga kelib, Rossiyada 36 793 kishi (aholi – 147 mln.), Ukrainada 5106 kishi (42 mln.), Belarusda 4779 kishi (9,5 mln.), Moldovada 2378 kishi (4 mln.), Qozogʻistonda 1615 kishi (19 mln.), Ozarbayjonda 1373 kishi (10 mln.), Armanistonda 1248 kishi (3 mln.), Qirgʻizistonda 554 kishi kishi (6,5 mln.) infeksiyani yuqtirgani aniqlangan. Koʻrinib turibdiki, yurtimizda amalga kiritilgan choralar oʻz natijasini bermoqda.
Shuni taʼkidlash oʻrinliki, hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan karantin choralari xalqimiz tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanib, fuqarolarimiz ushbu sinovli kunlardan munosib tarzda oʻtmoqdalar. Karantin sharoitida odamlarimizning belgilangan tartib-qoidalarga ongli ravishda qatʼiy rioya etayotgani koronavirus pandemiyasi tarqalishini jilovlashda muhim omil boʻlmoqda. Jumladan, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 97,8 foizi davlat va Hukumat tomonidan kiritilgan karantin choralarini maʼqullagan. Soʻrovda ishtirok etganlarning mutlaq koʻpchiligi (76,6%) optimistik kayfiyatda boʻlib, pandemiya bilan bogʻliq barcha muammolar oʻz yechimini topishiga ishonch bilan qaramoqda.
Oʻzbekistonda koronavirus munosabati bilan kiritilgan choralar samaradorligi jahon afkor ommasi tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Germaniyaning “Public Diplomacy” tashkiloti, AQSHning “The Diplomat” jurnali, Rossiyaning “ANNA-news” informatsion agentligi va boshqa koʻplab nashrlar yurtimizda infeksiyaning tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga yuksak baho berishgan.
Shu bilan birga, dunyo miqyosida koronavirus infeksiyasining tarqalishi tobora keskinlashmoqda, shu jumladan, yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hali barqarorlashmagani tufayli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi orqali kiritilgan cheklov choralarini saqlab turish maqsadga muvofiqligi bayon etilmoqda. Shu sababli ham Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan barcha cheklovchi choralar 2020-yil 10-mayga qadar uzaytirildi. Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, bu qaror, eng avvalo, xalqimiz sogʻligʻini asrash zaruriyatidan kelib chiqib qabul qilindi. Faqatgina birdamlik, hamjihatlik, metin iroda, temir intizom, eʼlon qilingan karantin talablariga qatʼiy rioya etish bilan biz ushbu sinovli kunlardan mardonavor oʻta olamiz. Albatta, karantin tufayli iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani ham hech kimga sir emas, biroq shuni yodda tutish lozimki, dono xalqimiz aytganidek, “sogʻliqni pulga sotib olib boʻlmaydi”. Salomatlik bor joydagina qut-baraka, farovonlik, rivojlanish boʻladi. Demak, har birimizning fuqarolik burchimiz karantin choralariga qatʼiy amal qilishdir. Aynan shu yoʻl bilan biz karantin davrining keyinchalik choʻzilmasligini, bu sinovli kunlarni tezroq yengib oʻtishni ham taʼminlagan boʻlamiz.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori
116