O‘zbekiston va Buyuk Britaniya mutaxassislari koronavirusga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildilar
2020-yilning 13-aprel kuni O‘zbekistonning London shahridagi Elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tibbiyot xodimlari o‘rtasida videokonferensiya tashkil etilib, unda COVID-19 yangi koronavirus infeksiyasining oldini olish va davolash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Tadbirda Buyuk Britaniya tomonidan Lyusham London universiteti kasalxonasining Anesteziologiya va reanimatoligiya departamenti direktori doktor Vaqas Xolid, shifokorlar Richard Friz va Fazliddin Murodov, O‘zbekiston tomonidan esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, mamlakatimizning barcha hududlaridan anesteziologiya va reanimatologiya vakillari ishtirok etdi.
Videokonferensiya chog‘ida ikki davlat mutaxassislari koronavirusga qarshi kurashish borasida qo‘llanilayotgan choralar, tashxis qo‘yish va kasallarni davolash bo‘yicha tibbiyot muassasalarining faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot almashishdi. Reanimatsiya bo‘linmalarida o‘gir ahvolda yotgan bemorlarni davolashning yangicha uslubiga alohida e’tibor qaratildi. Britaniyalik mutaxassislarda o‘zbekistonlik hamkasblarining bemorlarni kasaldan tuzalgan kishilarning qon plazmasi orqali davolash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlari va mamlakat shifoxonalarida ushbu uslubni keng joriy qilish borasidagi rejalari katta qiziqish uyg‘otdi.
Tomonlarning e’tirof etishicha, mazkur muloqot foydali bo‘ldi va yangi koronavirus, uni davolash usullari to‘g‘risidagi bilimlarni boyitish imkonini berdi. Kelgusida ham aloqada bo‘lish va doimiy asosda shu kabi tadbirlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi.