“Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi boshlanishi e’lon qilindi

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
Bunda, viloyat hokimlari kutish joylarida qulay o‘rindiqlarni ko‘paytirib, navbatni tartibga keltirish, “ona-bola” xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratish, qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi.
– Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi, – dedi Prezident.
Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi.
Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, to‘qson kun natijasi bo‘yicha Prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.