O'zbekiston sayyohlik salohiyati Singapurdagi yirik turizm ko'rgazmasida taqdim etildi

Shu yilning 5-6 aprel kunlari Singapurda "Mid-Year Holiday Fiesta" sayyohlik yarmarkasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir an'anaviy ravishda so'nggi bozor tendensiyalari, eksklyuziv takliflar va noyob sayohat yo'nalishlari xususida fikr almashadigan soha mutaxassislari uchun muhim maydonga aylandi.
Singapurning eng yirik sayyohlik agentliklaridan biri – "Chan Brothers Travel" kompaniyasi stendida mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi, betakror me'moriy obidalari va tabiiy landshaftlariga bag'ishlangan maxsus taqdimot tashkil etildi.
Xususan, joriy yil oxirida rejalashtirilgan Singapurdan O'zbekistonga to'g'ridan-to'g'ri charter aviareyslari ko'rgazma mehmonlarida alohida qiziqish uyg'otdi. Mamlakatimizga tashrif buyurish va Buyuk ipak yo'lining qadimiy tarixini boshdan kechirishni orzu qilgan Singapur aholisi ushbu imkoniyatdan foydalanishi kutilmoqda.
"Chan Brothers Travel" kompaniyasi mutaxassislarining fikricha, mazkur yarmarka O'zbekistonga sayohat qilish istagida bo'lgan singapurliklar soni oshayotganini ko'rsatdi.