Huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha hamkorlik kengayadi
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarning ijrosi hamda istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan davra suhbati tashkil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2019-yil 27-dekabr kuni mamlakat yoshlari bilan videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda bir qator muhim topshiriqlar berilgan edi.
Oʻtgan davr mobaynida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ayni topshiriqlardan kelib chiqib, amalga oshirilgan ishlar sarhisobini qilish, bu borada kelib chiqayotgan masalalarning sababi va yechimi yuzasidan takliflarni umumlashtirish boʻyicha tizimni koʻrib chiqish muhim ahamiyat kasb etishi aytib oʻtildi.
Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda bugungi kunda yoshlar jinoyatchiligi va yosh oilalar oʻrtasidagi ajrimlarning oldini olish, global maydonda kechayotgan tahlikali jarayonlarga nisbatan yoshlarimizda mustaqil fikr va qatʼiy yondashuvni shakllantirish masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda.
Yoshlarni “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari!” degan ulugʻvor gʻoya atrofida birlashtirishga qaratilgan ishlarni yuqori bosqichga olib chiqish lozim. Aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy gʻoyani mustahkamlash oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biridir.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini, odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab oʻrgatish, jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir tadbirlarni tashkil etishda ijtimoiy sheriklik prinsiplaridan unumli foydalanishni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish har tomonlama foydali ekani alohida taʼkidlandi.
Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, bu borada oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun barcha imkoniyatni ishga solish lozim. Shu bilan birga, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlarni, chora-tadbirlar dasturlarini, “Yoʻl xarita”larini umumlashirish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yetkazish tizimini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etadi.
Parlament quyi palatasi qoʻmitalari, deputatlik birlashmalari va yalpi majlislarda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni takomillashtirish masalalari yuzasidan Adliya, Ichki ishlar, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish ham yaxshi samara beradi.
Shuningdek, tadbirda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga zamonaviy usul va vositalarni, xususan chet ellarga “huquqiy madaniyat turizmi” safarlarini uyushtirish, huquqiy nigilizmning oqibatlari haqidagi videoroliklarni koʻpaytirish, mobil ilovalar va startap loyihalarni ishlab chiqish kabilarni keng joriy etish yuzasidan tegishli vazirliklarga parlament soʻrovlari joʻnatilishi maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.