"Diplomacy Journal": "Yangi O'zbekiston - 2030" strategiyasi BMTning global maqsadlari bilan aniq hamohangdir
Janubiy Koreyaning yetakchi "Diplomacy Journal" jurnalining elektron nashrida O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo'mitasi raisi o'rinbosari Kobul Tursunovning "Barqaror rivojlanish maqsadlari sari qadam-baqadam" maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muallifga ko'ra, O'zbekiston BMT tomonidan 2030-yilgacha erishilishi kerak bo'lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kun tartibiga kiritilgan eng muhim masalalar, jumladan, barcha odamlarning turmush darajasi va farovonligini yaxshi tomonga o'zgartirish, mamlakat va dunyodagi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni kompleks yaxshilash orqali adolatli va barqaror jamiyatni yaratish bo'yicha muhim natijalarga erishayotgan keng ko'lamli islohotlarni faol amalga oshirmoqda.
Vazirlar Mahkamasining "2030-yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori hamda hukumatning "2030-yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" gi qarori qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi", - deyiladi maqolada. - Mazkur hujjatlar doirasida O'zbekiston uchun dolzarb hisoblangan 16 ta milliy maqsad, 126 ta vazifa va 190 ta ko'rsatkich tasdiqlandi".
Qayd etilishicha, ushbu maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ko'p jihatdan yirik moliyaviy resurslarni safarbar etishga bog'liq. Yillik 6 milliard AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalar belgilangan maqsadlarga erishishga yordam berishi kutilmoqda.
Shuningdek, maqolada O'zbekistonning xalqaro maydonda amalga oshirgan salmoqli sa'y-harakatlari, jumladan, O'zbekiston Prezidentining 2020-yilda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida "Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risida"gi tashabbusi haqida ham so'z yuritiladi.
"BRMga samarali erishish uchun O'zbekiston tadbirkorlik faolligini rag'batlantirish, xususiy investitsiyalarni, shu jumladan "yashil" moliyalashtirish va "yashil" obligatsiyalar va sukuk kabi innovatsion moliyaviy vositalarni qo'llab-quvvatlash orqali huquqiy va moliyaviy infratuzilmani rivojlantirishda davom etmoqda" - deya xulosa qiladi maqola muallifi.