Bilim va ma’naviyat mustahkam bo‘lsa, iqtisodiyot ham yaxshi rivojlanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni Toshkent shahri atrofida "yashil belbog‘" barpo etish loyihasi doirasida daraxt ekish tadbirida ishtirok etdi hamda Yangihayot tumaniga tashrif buyurib, sanoat korxonalari faoliyati va mahalladagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa ko‘chat ekdi.
Bugungi asrga kelib tabiat sofligi eng dolzarb masalaga aylandi. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, global isish tabiiy muvozanatga va odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Yurtimizda bu oldindan anglanib, atrof-muhitni asrash choralari ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish an’anasi jonlandi.
Prezidentimizning o‘zi bunda doimo o‘rnak. Avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzorda ko‘chatlar ekkan edi. Bu yil poytaxtimizning Bektemir tumanida, Toshkent halqa yo‘li bo‘yida yashil hududga asos solindi.
Buning uchun 100 gektar yer ajratilgan bo‘lib, ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. Ularni parvarishlash uchun 3 ta sun’iy suv xavzasi va 12 ta quduq barpo etildi.
Ma’lumki, “Yashil makon” loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadi belgilangan. Halqa yo‘li bo‘yidagi bu hudud Toshkent “yashil belbog‘”ining bir qismi bo‘ladi. Yana bir e’tiborli tomoni, bu yerda tabiiy o‘rmon shakli hosil qilinadi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari va chet ellik diplomatlar bilan suhbatlashdi, ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bu an’ana o‘zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni “ona” deydi, yerni, suvni e’zozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar ta’sirida yaqqol namoyon bo‘layapti. Shuning uchun “Yashil makon” loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag‘ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirni videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar jamoatchiligi ham kuzatdi. U yerlarda ham ko‘chatlar ekildi. Ushbu kuzgi mavsumda “Yashil makon” loyihasi doirasida 80 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
Bahorda 138 million dona ko‘chat ekilgan edi. Vazirlik va hokimliklar 257 ta bog‘ barpo qilgan. Yirik sanoat korxonalari va chiqindi poligonlari atrofiga ham daraxtlar ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil qilinmoqda.
Avtomobil va temir yo‘llari, daryo va kanallarga tutash yerlar daraxt ekish uchun qariyb 10 ming aholi va tadbirkorga ijara shartnomasi asosida ajratib berildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida g‘olib deb topilgan 215 ta loyiha bo‘yicha bosqichma-bosqich ekish ishlari boshlandi.
Umuman, oxirgi 3 yilda mamlakatimiz bo‘yicha jami 646 million tup ko‘chat va butalar ekilgan. Orolbo‘yida yashil qoplama 2 million gektardan oshgan.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yangihayot tumanida barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi.
Mamlakatimizda sanoat va tadbirkorlik rivojlangani sari qo‘shimcha sharoitlarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 20 martdagi qarori bilan tashkil etilgan mazkur sanoat zonasi yana ko‘plab korxonalarga joy bo‘ladi.
Hudud iqtisodiyotida katta o‘ringa ega bo‘lishi kutilayotgan majmua maydoni 764 gektar. Ayni paytda infratuzilma tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda 1 milliard 375 million dollarlik 47 ta loyiha joylashtiriladi. Ularda 12 mingtaga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, korxonalarda xalqaro brendlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, “DP World”, “JAC Motors”, “Krantas”, “Acyes Japan”, “East can solutions”, “EAS” va “Evyap” kabi nufuzli kompaniyalar hamkorligida qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Davlatimiz rahbariga shunday loyihalardan ayrimlari taqdimot qilindi.
Xususan, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan sanoat zonasini boshqarish, investorlarni jalb qilish va infratuzilma ob’ektlarini barpo qilish ko‘zda tutilgan. “JAC Motors” kompaniyasi tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. 135 million dollarlik bu loyiha natijasida 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yaponiyaning “Acyes Japan” kompaniyasi bilan hamkorlikda 9 million dollarlik ofis uchun o‘rindiq va mebellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, yana 100 kishining bandligi ta’minlanadi.
Birlashgan Arab Amirligining “DP World” kompaniyasi bilan esa transport-logistika markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Hududda laboratoriya, tadqiqotlar markazi, konferensiya zallari hamda savdo zonasi tashkil etiladi. Shuningdek, dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, sanoat korxonalari uchun kerakli mutaxassislar shu yerning o‘zida tayyorlanadi.
– Oxirgi yillarda yalpi ichki mahsulotimiz ikki barobar o‘sib, bu yil 110 milliard dollarga yetayapti. Endi buni 200 milliard dollarga yetkazishga marra oldik. Investorlarning loyihalari uchun barcha sharoitni yaratib bermasak, bu ko‘rsatkichga yetolmaymiz. Toshkent shahri bunda ham namuna bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga loyihalarda mahalliylashtirish va raqamlashtirish, energiya tejamkorlikka ahamiyat qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi “Yangihayot” industrial texnoparkida ham bo‘ldi.
Yangihayot tumanida 184 mingdan ziyod aholi yashaydi. So‘nggi yillarda ko‘plab yangi uylar qurilib, oilalar ko‘chib keldi. Ular uchun shu yaqin atrofda ish o‘rinlari tashkil etishga harakat qilinmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 4 fevraldagi qarori asosida barpo etilgan “Yangihayot” texnoparki shu maqsadga qaratilgan. Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda qurilish maydoni va bo‘lajak loyihalar bilan tanishgan edi. Texnopark uchun 110 gektar maydon ajratilgan.
Avvalo, bosh reja ishlab chiqilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurildi. Xususan, 10,8 kilometrlik suv va oqova, yomg‘ir suvlarini qochirish tizimi barpo etildi, 2,9 kilometrli ichki yo‘llar qurilib, 51 kilometr elektr liniyasi hamda 5,9 kilometr gaz tarmog‘i tortildi.
Hozir bu yerda 101 million dollarlik 8 ta korxona ishga tushirilgan, 520 ta ish o‘rni yaratilgan.
Davlatimiz rahbari ularning ayrimlarini ko‘zdan kechirdi.
Masalan, “Almerro Grup” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Krember” brendi ostida qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buning uchun 3 gektar yer ajratilgan, 22 million dollar yo‘naltirilgan. Italiya, Ispaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan ilg‘or texnologiya o‘rnatilgan. Korxonada yiliga 320 milliard so‘mlik 80 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Mahsulotlarning 15-20 foizi Xitoy va MDH davlatlariga eksport qilinadi.
Qiymati 21 million dollarlik “Vera Modern Elektrical” korxonasi 600 turdagi kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqarish, 4 million dollarlik eksport quvvatiga ega. Muhimi, mahsulotlarning 35-40 foizi import o‘rnini bosadi hamda mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetkaziladi.
Davlatimiz rahbari korxonalar mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
– Keyingi yillarda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar bugun o‘z natijasini berayapti. O‘zimizning ishbilarmonlar mana shunday ko‘p xilda va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayapti. Bu imkoniyatlarni har yili kengaytirib boramiz. Chunki tadbirkor iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish faoliyati uchun tayyor bino-inshootlar qurish loyihasi bilan ham tanishdi. Texnopark ichida “Mimar Group” kompaniyasi tomonidan ikki qavatli majmua qurilib, kichik korxonalar va hunarmandlarga muddatli to‘lov asosida sotilmoqda. Ularning har birida alohida ishlab chiqarish va ko‘rgazma maydonlari bo‘ladi.
Bugungi kunda shunday binolarda umumiy qiymati 3 million dollarlik 4 ta loyiha – eshik-romlar, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish uchun profillar va quyosh panellari korxonalari ish boshlagan.
Prezidentimizga texnoparkdagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Jumladan, qurilish materiallari, elektrotexnika, logistika va xizmat ko‘rsatish, tekstil va to‘qimachilik sanoati, oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda 386 million dollarlik 46 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, texnoparkdagi korxonalar uchun mutaxassislar tayyorlashda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Umuman, texnoparkda 2025 yilda 235 million dollarlik 37 ta, 2026 yilda esa 50 million dollarlik 1 ta loyiha ishga tushiriladi. Natijada 10 mingta yangi ish o‘rni va 35 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.
O‘tgan o‘n oyda Yangihayot tumanida 3 mingdan ziyod aholi doimiy ishga joylashtirilgan, 6 mingta o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
So‘ng davlatimiz rahbari Yangihayot tumanidagi Xushnud mahallasida bo‘lib, aholi hayoti, hududdagi o‘zgarishlar bilan tanishdi.
Mahalla yangi – 2021 yil tashkil etilgan. Bu yerdagi 48 ta ko‘p qavatli uy hamda 625 ta hovlida 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bolalar bog‘chasi, sport maktabi, oilaviy poliklinika, xususiy klinika, ishlab chiqarish korxonalari, do‘kon va maishiy xizmat shoxobchalari bor. Bu yil 49 ta mikroloyiha orqali 116 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.
Avvallari bu joylar chekka, ko‘rimsiz edi. 2018 yildan boshlab zamonaviy uylar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari qurildi. Atrof obodonlashtirildi.
Mahallaning uch qavatli binosi ham shu yil bunyod etildi. Uning birinchi qavatida mahalla raisi va xodimlarinig xonalari, kutubxona, jadidlar burchagi joylashgan. Yuqori qavatlarda aniq fanlar va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv markazi, fitnes zal faoliyat olib bormoqda. Yerto‘la qismida yoshlarni kasbga yo‘naltiruvchi monomarkaz tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular so‘nggi yillarda Yangihayot tumani jadal o‘zgargani, yangi transport yo‘llari va korxonalar qurilib, hayot jonlanganini aytishdi.
– Bugun kelishimizdan maqsad qabul qilayotgan qarorlarimiz natijasini, odamlar hayotini ko‘rish. Xuddi bu tumandagiday, har bir hududni rivojlantirish, odamlarga qulayliklarni va ish joylarini ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Shu bilan birga, ta’lim-tarbiyaga, madaniyatga katta e’tibor qaratayapmiz. Bilim va ma’naviyat mustahkam bo‘lsa, iqtisodiyot ham yaxshi rivojlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahalladagi 150 o‘rinli, zamonaviy sharoitlar yaratilgan xususiy bog‘cha faoliyati bilan ham tanishdi. U joriy yilda foydalanishga topshirilgan 16 qavatli uyning birinchi-ikkinchi qavatida joylashgan. Muassasa xonalarini jihozlashda zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashuviga alohida e’tibor qaratilgan.
Mahallada yosh bolali ayollar ko‘p. Ular uchun shu yerga yaqin joylarda tikuvchilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda ish o‘rinlari yaratilmoqda. Mazkur bog‘cha ular uchun ancha qulay bo‘ldi. Ko‘ngli xotirjam ish bilan band bo‘ladi, oilasiga qo‘shimcha daromad keltiradi.
Mamlakatimizda muhim dasturlar aynan mahallalarda amalga oshirilayotgani, tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilayotgani ta’kidlandi. Bu ishlar ulardagi obodlik, aholi farovonligida ifodasini topayotgani qayd etildi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari