XORIJDA BO‘LIB TURGAN O‘ZBEKISTON FUQAROLARI DIQQATIGA
Chet elda vaqtincha bo‘lib turgan yoki doimiy istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan Respublika rahbariyati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan konsullik faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy bazani hamda yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari imkoniyatini takomillashtirish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2020-yil 10-fevraldan “Xorijda boʻlgan (boʻlib turgan) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning konsullik roʻyxatini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma” kuchga kirdi (Adliya vazirligida 3218-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan).
Ushbu Yo‘riqnomaga muvofiq, chet elda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida doimiy yoki vaqtincha konsullik hisobidan o‘tish uchun consulate.mfa.uz veb-portali orqali masofadan interaktiv konsullik xizmatidan foydalanishlari mumkin. Ayni paytda ushbu internet-resurs sinov rejimida ishga tushirilgan.
Vaqtinchalik va doimiy konsullik hisobiga olish bo‘yicha interaktiv xizmat dasturiy tizimi texnik sinovdan o‘tkazilgandan keyin qisqa vaqt ichida o‘rnatiladi va yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, vazirlik boshqa konsullik xizmatlarini bosqichma-bosqich interaktiv asosga o‘tkazish ustida ish olib bormoqda. Bu haqida hamyurtlarimizga o‘z vaqtida ma’lum qilinadi.