Saylov va ommaviy axborot vositalari
So’z va axborot erkinligi, o’z fikrini erkin bildirish, axborot olish huquqi eng asosiy va xalqaro tan olingan inson huquqlaridan va demokratik jamiyatning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. Erkin va demokratik jamiyatda mazkur huquqni ta'minlash mustaqil va plyuralistik ommaviy axborot vositalarini taqozo qiladi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning muhim yo’nalishlaridan biri sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish alohida ko’rsatib o’tildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o’laroq oxirgi uch yilni oladigan bo’lsak, mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik, so’z va matbuot, fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanganini barchamiz o’z kundalik turmushimizda yaqqol sezmoqdamiz.Keyingi paytda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida keskin jonlanish bo’ldi, ularda sog’lom tanqidiy ruh kuchayib, yurtdoshlarimiz o’z fikrlarini ochiq-oshkora, dadil aytayotganligi alohida e'tiborga loyiq.
Ayniqsa jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalari nihoyatda muhim o’rin tutadi.
Mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligini tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, ommaviy axborot vositalarisaylov jarayonida axborot berish, xabardor qilish (saylov kampaniyasi ham OAV orqali e'lon qilinishi saylovni o’tkazishning muhim shartidir); jamoatchilik nazorati sifatida kuzatish, saylovoldi tashviqot va saylovga oid huquqiy targ’ibоt vositasi bo’lib xizmat qiladi.
Saylov kampaniyasidagi barcha muhim voqyea va yangiliklarni fuqarolar ommaviy axborot vositalari orqali biladi. Agar o’tgan 2016 yilgi saylovlardan misol keltiradigan bo’lsak, saylovni 615 ta milliy va 272 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan 315 ta xorijiy va milliy Internet nashrlari yoritib borgan. Mamlakatimiz va chet elning 1 400 nafardan ortiq jurnalistlari ishtirokida saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bag’ishlangan 180 ta matbuot anjumani va onlayn brifinglar o’tkazilgan. 22 700 dan ziyod maqola va axborot materiallari e'lon qilingan, ko’rsatuv hamda eshittirishlar efirga uzatilgan.
Saylov kodeksining 36-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo’yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.57-moddaga asosan muddatidan oldin ovoz berishni o’tkazish vaqti ham saylovchilarning, kuzatuvchilarning e'tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
Saylov kodeksining 54,58-moddalariga asosan uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish boshlanganligini ham, tugaganligini ham ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida e'lon qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga ko’ra Markaziy saylov komissiyasining qarori ham uning rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e'lon qilinadi.
Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 11 sentyabrdagi qarori bilan Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi va uning mintaqaviy bo’linmalari tashkil etildi.Markaziy saylov komissiyasi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish jarayonini yoritish bo’yicha ikki tomonlama shartnomalar imzoladi.
Xo’sh, fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlanishida ommaviy axborot vositalarining roli qanday? Fuqarolar saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o’tayotganligini, saylov komissiyalarining ishini, ularning qarorlarini, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti to’g’risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo’ladilar, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro’yxati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo’ladilar, nomzodlar to’g’risidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali bilib oladilar.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolar o’z saylov huquqlarini qay tarzda amalga oshirish, saylovda qatnashayotgan turli siyosiy partiyalar va nomzodlarning asosiy saylovoldi siyosiy pozitsiyalari va jamiyatdagi turli masalalarga qarashlaridan xabardor bo’lish hamda ayni vaqtda bunga o’z fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega bo’ladilar.
Ommaviy axborot vositalarining saylov jarayonidagi yana bir muhim ishtiroki ularning saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish huquqi bilan bog’liq. Saylov kodeksining 8, 35-moddalariga asosan ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog’ida hozir bo’lish huquqiga ega.
Ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo’lishi kerak. Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o’tkazadi. Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o’tkazish tartibi to’g’risida Nizom tasdiqlandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e'lon qilingan kundan boshlab, qoida tariqasida, saylovga kamida o’n besh kun qolgunga qadar MSK, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga ularni akkreditatsiyadan o’tkazish to’g’risida murojaat qilishlari mumkin.
Saylov jarayonining barcha tadbirlari ommaviy axborot vositalari nigohida bo’lishi saylovlarimizni ochiq va oshkora, erkin va adolatli o’tkazilishiga, jamoatchilik nazoratini ta'minlanishiga xizmat qiladi.
Yana bir masala. Siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalari bilan saylov jarayonidagi munosabatlari nimalarda ko’rinadi? Bunda ommaviy axborot vositalarining saylov kampaniyasidagi eng muhim roli saylovoldi tashviqot bosqichida namoyon bo’ladi. Saylovoldi tashviqoti - bu saylov kampaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri bo’lib, bir oydan ortiq vaqt davom etadi, ya'ni saylovga 35 kun qolganida boshlanadi va bir kun qolganda to’xtatiladi. Saylov kodeksining 45-46-moddalariga asosan tashviqot matbuot konferensiyalari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar shakllarida ham olib borilishi mumkin. Tashviqot ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet orqali ham amalga oshiriladi.
Bunda adolatni ta'minlashning eng muhim sharti barcha partiyalar, nomzodlar uchun tenglikni kafolatlash hisoblanadi. Qayd etish joizki, dunyoning ayrim davlatlarida saylovoldi tashviqotda avvalgi saylovlarda parlamentda olgan o’rinlariga proporsional ravishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni taqsimlash tajribasi ham mavjud. Mamlakatimiz saylov qonunchiligida esa barchaga avvalgi saylovda egallagan o’rnidan qat'i nazar teng imkoniyat beriladi. Shuning uchun Saylov kodeksiga ko’ra tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko’ra bir xil bo’lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo’li bilan teng sharoitlar ta'minlanadi. Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to’lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo’lishi kerak.
Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yig’ilishlari, nomzod to’g’risida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.
Milliy saylov qonunchiligimizning mazkur qoidalari saylovga oid xalqaro standartlarga to’liq mos keladi. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik kengashining insoniylik mezoni bo’yicha konferensiyasi Kopengagen hujjati 7-moddasida davlatlar ommaviy axborot vositalaridan moneliksiz foydalana olish uchun saylov jarayonida ishtirok etishni xohlovchi barcha siyosiy guruhlar va alohida shaxslarga kamsitmaslik asosida qandaydir yuridik yoki ma'muriy to’siqlar o’rnatilmasligini ta'minlashlari kerakligi belgilangan.
2002 yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplarning 2.3-bandiga muvofiq, barcha partiya va nomzodlarga teng imkoniyatlar kafolatlangan bo’lishi kerak, bu esa davlat hokimiyati organlaridan ommaviy axborot vositalarida, xususan davlatga tegishli ommaviy axborot vositalarida partiya va nomzodlarni yoritishga xolis munosabatda bo’lishni nazarda tutadi.
Saylovga oid huquqiy targ’ibоt vositasi sifatida ommaviy axborot vositalari aholining saylov qonunchiligiga oid bilimini oshirishga qaratilgan maqolalar, tok-shoular, ijtimoiy roliklar, ko’rsatuvlar va eshittirishlar tashkil qiladi.
Yuqoridagilarni barchasi shuni ko’rsatmoqdaki, saylov jarayonining barcha bosqichlari ochiq va oshkora, ommaviy axborot vositalari ishtirokida, barcha partiyalar va nomzodlar uchun teng va adolatli o’tkazilishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratilgan.
Saylov jarayonida ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi fuqarolarning so’z va axborot erkinligini, o’z fikrini erkin bildirish, axborot olish huquqlarini ta'minlashga, saylov qonunchiligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga, pirovardida esa chinakam demokratik fuqarolik jamiyati barpo etishga xizmat qiladi.
Miravzal Mirakulov,
O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Harbiy-texnik instituti boshlig’ining birinchi o’rinbosari,
yuridik fanlar doktori