Saylov komissiyalarining harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish
Insonning siyosiy huquqlaridan biri hisoblangan saylash va saylanish huquqi demokratik jamiyatda shaxsning huquq va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarining himoyasi darajasini namoyon qilishda muhim o’rin tutadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bundan sal kam uch yil muqaddam e'lon qilingan “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi Farmonida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo’naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish asosiy ustuvor yo’nalishlardan biri sifatida e'tirof etilgan bo’lib, ushbu yo’nalishda amalga oshirilishi lozim bo’lgan qonun ustuvorligini ta'minlash va qonunchilikni tubdan yaxshilash xalqaro va milliy huquq (qonunchilik)da belgilangan inson huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan omildir.
2017–2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini 2018 yil «Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etish jarayonida 2019 yil 25 iyunda Saylov kodeksi qabul qilingan.
Saylov kodeksi loyihasi ustida ishlash jarayonida saylovga doir xalqaro hujjatlar, ellikdan ortiq xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi amaliy tajribasi puxta o’rganildi. Loyiha jamoatchilik, ekspertlar, ilmiy doiralar, amaliyotchilar, mutaxassislar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan o’tkazildi. YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Venetsiya komissiyasi, MDH Ijroiya qo’mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning xulosa va fikrlari olindi.
Saylov kodeksi qabul qilinishining muhim xususiyatlaridan biri shuki, ushbu kodeks ilgari mamlakatimizda bir nechta qonun va qonun osti hujjatlar bilan tartibga solingan saylov jarayoni, uni o’tkazish tartib-tamoyillari va qoidalarini jamlab olgan bo’lib, qonunchilikni qo’llashda bir qator qulayliklar yaratdi.
Saylov kodeksida saylovda ishtirok etuvchi har bir shaxsning saylov jarayonlaridagi faoliyati bilan bog’liq asosiy tartib-qoidalar, huquq va majburiyatlari hamda ularning himoyasini ta'minlash bo’yicha kafolatlar ham batafsil belgilab berilgan.
Albatta, boshqa sohalar kabi saylov huquqini amalga oshirishda nizo kelib chiqishi mumkin. Saylovda ishtirok etuvchi shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda esa ularning huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini sud yo’li bilan ham himoya qilinadi va ushbu masalada turli savollar yuzaga kelishi mumkin. Masalan:
Savol: Saylov komissiyasining qarorlari va harakatlaridan norozi bo’lgan shaxs qanday yo’l tutishi lozim?
Javob: Huquqi buzilgan deb hisoblagan shaxs saylov komissiyalari qarorlari va ularning hatti-harakatlari ustidan yuqori saylov komissiyasiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin. Saylov kodeksida saylov komissiyasiga murojaat qilinishi shart bo’lgan holat belgilangan bo’lib, bu ovoz beruvchi fuqarolar ro’yxatidagi xato yoki noaniqlik to’g’risidagi murojaatdir. Uchastka saylov komissiyasi yigirma to’rt soat ichida bunday murojaatni tekshirib chiqishi va xatolarni tuzatishi yoki arizachiga uning arizasi rad etilishining asoslari ko’rsatilgan holda ma'lumotnoma berishi shart. Ushbu rad javobidan norozi bo’lgan fuqaro ma'muriy sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.
Savol: Sudga beriladigan ariza (shikoyat) shakli va mazmuni qanday bo’lishi kerak?
Javob: Saylov huquqini tiklash haqidagi arizada, umumiy tartibda sudga beriladigan arizada ko’rsatilishi lozim bo’lgan holatlar bilan birgalikda arizachi (sudga murojaat qilayotgan shaxs) saylov jarayonining qanday ishtirokchisi ekanligi, qarorni qabul qilgan saylov komissiyasining nomi (tartib raqami), qarorning nomi (tartib raqami), chiqarilgan sanasi, qisqacha mazmuni va arizachining fikriga ko’ra, qaror yoki uning ma'lum qismi (alohida qoidalari) bilan buzilayotgan huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlari qaysi qonun hujjatlariga muvofiq emasligi, arizachining talabiva huquqini tiklash usuli ko’rsatilishi kerak.
Savol: Ariza (shikoyat) sud tomonidan ko’rib chiqish muddati qanday?
Javob: Shaxslarning buzilgan huquqlarini qisqa muddatlarda tiklash orqali, ularning saylovda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquqlaridan erkin foydalanishini ta'minlash maqsadida, qonun hujjatlarida ushbu toifadagi shikoyatlarni ko’rib chiqish uchun eng qisqa muddatlar belgilangan. Xususan, saylov komissiyasining hatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan uch kundan kechiktirmay ko’rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo’lsa - darhol ko’rib chiqilishi lozim.
Savol: Ushbu toifadagi ishlar qaysi sudlar tomonidan ko’rib chiqiladi?
Javob: Saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyatlar qoida tariqasida javobgar joylashgan joydagi ma'muriy sudlarga beriladi. Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, qo’shma majlislarning qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin o’n kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Saylov kabi siyosiy jarayoni oshkoralik, shafofflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarga rioya qilgan holatda o’tishi uchun barchamiz faol qatnashib, huquqlarimiz buzilgan taqdirda ularni himoya qilishimizni talab qiladi.
Shahnoza Ahatova,
O’zbekiston Respublikasi
Oliy sudi sudyasi