O‘zbekistonda Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik haftaligi o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 11-16-noyabr kunlari Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik haftaligi o‘tkaziladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
BMT Bosh assambleyasining qaroriga ko‘ra 1997-yildan buyon 16 noyabr har yili butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda.
Bu yil mamlakatimizda ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, tashqi ishlar, adliya, madaniyat, xalq ta’limi vazirliklari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Milliy teleradiokompaniya, Toshkent va Samarqand shaharlari hokimliklari hamkorligida Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik haftaligi o‘tkaziladi.
Haftalik dasturiga binoan 11-noyabr kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida OAV vakillari va internet bloggerlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etiladi. Unda mamlakatimizda millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot beriladi.
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” festivali, rassomlar va yosh ijodkorlar asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda festival laureatlari tantanali tarzda taqdirlanadi.
12-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining fuqarolik forumi o‘tkaziladi. Unda mazkur jamiyatlar faoliyati, erishilgan muvaffaqiyatlar, mavjud dolzarb masalalar va ularga yechim topish yo‘llari, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, chet eldagi vatandoshlar bilan ishlashda “xalq diplomatiyasi” tamoyilining ahamiyati va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglanadi.
Poytaxtimizning “Turkiston” saroyida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida O‘zbekiston san’at ustalari, milliy madaniy markazlar qoshidagi badiiy jamoalar va havaskorlar guruhlari san’at shinavandalari e’tiboriga gala-konsert taqdim etadi.
15-noyabr kuni esa Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo – umumiy uyimiz” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda Markaziy Osiyo davlatlarining do‘stlik aloqalari va mintaqaviy hamkorligini mustahkamlash istiqbollari, millatlararo totuvlik va do‘stlik aloqalari hamda diniy bag‘rikenglik tamoyillarini barqaror ta’minlash, bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar muhokama etiladi.
Haftalik doirasida xalqaro konferensiya ishtirokchilarining Samarqandga safari uyushtiriladi. Ular qadimiy shaharda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, tarixiy obidalarni ziyorat qiladi.