Deputatlar yangi tahrirdagi Soliq kodeksini birinchi o‘qishda qabul qildilar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yilning 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlarning e’tibori birinchi o‘qishda muhokamaga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga qaratildi.
Ushbu loyiha parlament quyi palatasidagi qo‘mitalar, siyosiy partiyalar fraksiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi. Yig‘ilishlar chog‘ida yangi Soliq kodeksining har bir normasi sinchiklab ko‘rib chiqildi va ayrim normalar deputatlar o‘rtasida qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi. Chunki, mazkur hujjat nafaqat davlatning soliq siyosatini amalga oshirishga qaratilgan fundamental normativ-huquqiy hujjat sifatida muhim iqtisodiy balki, soliq qonunchiligini qo‘llashni maksimal darajada soddalashtirishga, ziddiyatlar va tushunmovchiliklarni bartaraf etishga, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash lozim, kodeks loyihasini O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga to‘la muvofiq ishlab chiqishda, birinchidan, soliq nazorati shakl va mexanizmlari, ikkinchidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘li bilan soliq ob’ektlari hamda soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta’minlash muhim vazifa etib belgilab olingan.
Majlisda Soliq kodeksi loyihasining tuzilishi deyarli saqlab qolingani ta’kidlab o‘tildi. Uni umumiy va maxsus — soliq ma’muriyatchiligi hamda soliqlarni hisoblash va to‘lash qismlariga bo‘lish ko‘zda tutilmoqda. Ilk bor soliq organlarining huquq va majburiyatlari belgilanib, ularning javobgarligi kuchaytirilmoqda. Soliq to‘lovchilarga esa, soliq rejimini tanlash, ularni to‘lash tartibi kabi imtiyozlar taqdim etilmoqda. Soliq nazorati tartiblari soddalashtirilgani va soliq tekshiruvlari turlarining 13 tadan 3 tagacha qisqartirilgani deputatlarning alohida qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Masalan, deputatlar ta’kidlaganidek, joylarda o‘tkaziladigan tekshiruv paytida soliq organlari tomonidan soliq va yig‘imlar undirilmaydi, aksincha, soliq organlari tomonidan maslahat tarzida ko‘mak beriladi hamda soliq tahlili asosida aniqlanadigan tahlikali omillarni bartaraf etishga yordamlashiladi.
Shuningdek, soliq to‘lovlarini ta’minlashning yangi vositalarini joriy etish, pulli asosda soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Soliq imtiyozlarini belgilangan stavkani pasaytirish shaklida, lekin 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan va uch yildan oshmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etish mumkin bo‘lgan qoidalar belgilanmoqda.
Parlament vakillari soliqlarni hisoblash va to‘lash mexanizmini takomillashtirishga, shuningdek, soliqlarning barcha elementlarini aniqlashtirish hamda tartibga solishga qaratilgan normalar kodeks loyihasidan o‘rin olganini ta’kidlab o‘tdilar. Bu, o‘z navbatida, ilk bor Soliq kodeksi bilan tasdiqlanayotgan soliq normalari va stavkalarining doimiyligini ta’minlaydi. Ushbu yangiliklarni tadbirkorlar va biznes vakillari kutayotgan edi.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini konseptual ravishda qo‘llab-quvvatlab, o‘z nuqtai nazarini bayon qildilar.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari muhokama chog‘ida biznesni ko‘proq chalg‘itayotgan jihatlarga e’tibor qaratdilar. Bular soliq tekshiruvlari va soliq organlarining vakolatlaridir. Kodeks loyihasida hech qanday inspektor soliq tekshiruvini mustaqil ravishda tayinlash huquqiga ega bo‘lmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Soliqni doimiy ravishda to‘laydigan insofli soliq to‘lovchi huzuriga soliq organlari yillar davomida kelmaydi. Agar uning faoliyati qandaydir shubha tug‘dirsa, unda bu tekshirish uchun asos bo‘ladi. Fraksiya a’zolarining fikricha, bunday o‘zgarishlar soliq to‘lovchining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, natijada tadbirkorlik faoliyatining erkinligini ta’minlashga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning YaIMdagi ulushini oshiradi va Davlat budjetining daromad qismining oshishiga ijobiy iqtisodiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining fraksiyasi qo‘shilgan qiymat solig‘i va uni hisoblashdagi yangiliklarga alohida e’tibor qaratdi. Bularning barchasi milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi huquqni qo‘llash qoidalarining xalqaro normalarga uyg‘unlashuviga qaratilgan.
Hujjatning yangi tahririda xorijiy kompaniyalarning doimiy muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan soliq solinadigan aylanma uchun QQSni to‘lash tartibi aniqlashtirilishi muhim omil hisoblanadi. Amaldagi tahrirda ushbu majburiyat O‘zbekiston Respublikasining rezident-xizmatlari foydalanuvchilari zimmasiga yuklangan edi. Loyiha bilan chet el kompaniyalarining doimiy muassasalari ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatda aylanma bo‘yicha QQSni mustaqil to‘lovchilari sifatida qatnashishi belgilanmoqda.
Kodeks loyihasida chet ellik sayyohlarga “Tax free” deb nomlangan QQSni qaytarish mexanizmi joriy etilmoqda. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyoh O‘zbekistonda xarid qilingan tovarlarga QQSni qaytarib olishi mumkin.
Fraksiya a’zolarining fikriga ko‘ra, yangi Soliq kodeksining qabul qilinishi hayotning barcha sohalaridagi islohotlar sur’atining jadallashuviga xizmat qiladi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat maqomiga ega bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Fraksiya a’zolari loyihada aholining imkoniyati cheklangan qatlamlarini himoya qilishni kuchaytiradigan ijtimoiy imtiyozlarni joriy etish nazarda tutilganini qo‘llab-quvvatladilar. Masalan, nogironlarning jamoat birlashmalari ishtirok etadigan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlarni QQS to‘lashdan ozod etish rejalashtirilmoqda. Deputatlarning fikriga ko‘ra, bunday soliq imtiyozlari nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari yangi tahrirdagi Soliq kodeksining normalari partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga to‘la mos keladi, deb hisoblaydilar. Fraksiya mamlakatda davlat va fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishga, soliq qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan adolatli va samarali soliq hamda budjet siyosatini amalga oshirish tarafdoridir. Yangi kodeks loyihasida soliq imtiyozlarini, jumladan, soliqlarning ayrim turlarini optimallashtirish orqali soliqlarni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lashni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Fraksiya a’zolari yangi tahrirdagi kodeks loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari yangi Soliq kodeksi loyihasini har tomonlama muhokama qildilar. Asosiy e’tibor suv resurslari va yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash hamda to‘lash tartibiga qaratildi. Shunday qilib, suvni suvdan foydalanish bo‘yicha belgilangan limitdan ortiqcha ishlatilgan holatda, shuningdek, suv resurslaridan ruxsatisiz foydalanilganda soliq stavkalarini oshirish rejalashtirilmoqda. Yuqori suv manbalaridan avtotransport vositalarini yuvish faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxonalar uchun soliqlar miqdori oshiriladi. Bu suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga yordam beradi.
Yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliqlarga ham bir qator o‘zgarishlar kiritilmoqda. Loyihaga shu munosabat bilan alohida modda kiritilmoqda. Shunday qilib, ortiqcha foyda solig‘i bekor qilinadi. Amaldagi soliq qonunchiligida ortiqcha foyda solig‘i faqatgina eksportga yo‘naltiriladigan tabiiy gaz uchun saqlanib qolindi.
Deputatlik guruhi a’zolarining fikriga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda soliq o‘zgarishlarining qo‘llanilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakunida yangi tahrirdagi Soliq kodeksini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Axborot xizmati