Inson huquqlarini buzishga hech kim haqli emas
Adliya organlari inson huquqlariga oid qonun buzilishida aybdor bo‘lgan 66 mansabdor shaxsni aniqladi
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 13-modda
Bosh Qomusimizdagi tegishli moddalar talablaridan kelib chiqqan holda mamlakatimizda fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini huquqiy himoya qilish bo‘yicha samarali faoliyat olib borilmoqda.
Inson huquqlarini ta’minlashga bevosita mas’ul bo‘lgan Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda inson huquqlariga doir qonun hujjatlari nazoratini amalga oshirmoqda.
Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning to‘qqiz oyi davomida adliya organlari tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Fuqarolardan tushgan 13 ming 700 murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 2 ming 215 tasi 1008 raqamli "Ishonch telefoni” orqali qayd etilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish mobaynida aniqlangan qonunbuzilishlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralarga 271 taqdimnoma kiritilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi. Sudlarga 286 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritildi.
Qonunbuzilishida aybdor bo‘lgan 66 mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli qaror qabul qilish uchun ma’muriy sudlarga yuborildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining 32 hujjati bekor qilindi. Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan 6,8 milliard so‘mlik zarar sudgacha undirib berilishiga erishildi.
Jumladan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yashovchi fuqaro G.G. buzilgan mol-mulki bozor narxida baholanmaganidan norozi bo‘lib Adliya vazirligiga murojaat qildi. Shu asosda sudga da’vo ariza kiritildi. Fuqaroning ko‘chmas mulki bozor bahosida qayta baholanib, to‘lanmay qolgan 338 million so‘mdan ziyodroq kompensatsiya puli to‘liq undirib berildi.
Tahlilga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati hokimliklar tomonidan fuqarolarning mulk huquqi buzilayotgani, ish beruvchilar mehnat qonunchiligiga rioya etmayotgani, sudlarning qabul qilgan qarorlari yoki ularning ijrosi o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlanmayotgani yuzasidan ekani ma’lum bo‘lgan.
Joriy yilning 10 may – 30 iyun kunlari “Inson huquqlari – oliy qadriyat” loyihasi doirasida respublika bo‘ylab fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlariga rioya etilishini o‘rganish bo‘yicha aksiya o‘tkazildi. Aksiya doirasida fuqarolarning 2 ming 586 murojaati qabul qilindi. Ularning ko‘p qismini joyida hal qilish va qanoatlantirish choralari ko‘rildi.
Aksiya doirasida fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tegishli tashkilotlarga 236 taqdimnoma va 100 ogohnoma, sudlarga 30,3 milliard so‘mlik 360 da’vo arizasi kiritildi. 17 holatda aybdor shaxsni ma’muriy, 3 holatda esa jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar berildi, 3 ta hokim qarori bekor qilindi.
Aksiya doirasida ko‘plab fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Jumladan, Jizzax viloyati Baxmal tumani hokimligi tomonidan fuqaro R.I.ning binosi buzilib, unga kompensatsiya berilmayotgani aniqlandi. Baxmal tumani adliya bo‘limi tomonidan fuqaro manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudiga 195,8 million so‘mlik kompensatsiya to‘lash bo‘yicha da’vo ariza kiritildi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda 298 davlat organi va tashkilotida o‘rganishlar o‘tkazilib, 62 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi. 15 milliard so‘mlik pul mablag‘larining fuqarolarga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Inson huquqlari yo‘nalishida aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularning huquqlarini ro‘yobga chiqarish mexanizmlari, shuningdek, qonunchilikdagi yangiliklarni aholiga yetkazish maqsadida adliya organlari tomonidan jami 17 ming 716 targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Bularning barchasi aholining o‘z huquqlarini bilishiga, boshqa shaxslar huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga, ularning inson huquqlari sohasidagi huquqiy bilimlarining oshishi va ularni qo‘llash bo‘yicha yetarli ko‘nikmalarning shakllanishiga xizmat qilmoqda.