Saylovlarda fuqarolik jamiyatlari institutlarining roli qanday?
“Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar”. 2019 yil 22 dekabrda bo‘ladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlari deputatlari saylovi ana shunday shior ostida o‘tadi.
Shu bois Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan
o‘z faoliyatlarida mustaqillik, qonuniylik va oshkoralik
prinsiplariga qat'iy amal qilgan holda saylovni ochiq oshkora, milliy qonunlarimiz, boy tajribamiz va umume'tirof etilgan xalqaro standartlar talablariga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Xususan, bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari alohida o‘rin tutadi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi.
Shu bois bu yilgi saylovlar jarayonida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari
va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlarini taqozo qiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining fuqarolik jamiyatining instituti sifatida saylov jarayoni bilan bog‘liq vakolatlari anchagina.
Birinchidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a'zolar nomzodlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etadi. Ikkinchidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar taqdim etadi. Uchinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ular o‘z saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi. To‘rtinchidan, Saylov kodeksiga kiritilgan eng muhim yangiliklardan biri – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ham siyosiy partiyalar kabi har bir saylov uchastkasiga o‘z kuzatuvchilarini qo‘yishga vakolatli.
Yangi Saylov kodeksiga binoan o‘tajak saylovlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishi mahallaga bo‘lgan ishonchdan dalolat. Bunday keng ko‘lamli kuzatuvdan maqsad – saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kengroq amalga oshirishdan iborat.
Qayd etish o‘rinliki, bugun hech bir masala mahalla ishtirokisiz hal etilmaydi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishda ham mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlarining xizmati katta bo‘ldi. Ular Markaziy saylov komissiyasi mutaxassislari, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda uyma-uy yurib, saylovchilarni ro‘yxatga olib, har bir saylovchini turarjoy kadastr raqamiga biriktirishdi.
Bundan maqsad – “bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini to‘liq va bexato amalga oshirishdan iborat. Deylik, biror saylovchining yashash joyi o‘zgarsa, boshqa joyda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tsa, bu o‘zgarish Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida o‘z aksini topadi. Saylovchining faqat bir joyda bir marta ovoz berishiga xizmat qiladi.
Bu elektron tizim saylovchilar uchun yana boshqa qulayliklar ham yaratadi. Masalan, saylovchi Markaziy saylov komissiyasi saytini (elections.uz) ochib, pasport raqamini kiritish orqali o‘zining qaysi saylov uchastkasiga mansub ekanini va saylov uchastkasi joylashgan manzilni osongina aniqlashi mumkin.
Yagona elektron ro‘yxatni qo‘llashni tartibga soluvchi normalar Saylov kodeksida ham mustahkamlangan. Shu ma'noda, saylovlar endi nafaqat qonunchilik nuqtai nazaridan, balki texnik jihatdan ham mutlaqo yangicha shaklda, ochiq-oshkora, umumqabul etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida o‘tadi.
Bu jarayondagi islohotlar esa saylov jarayonlari ustidan fuqarolik jamiyati institutlarining kuzatuv olib borishi, nazorati va saylovlarda faol ishtirok etishini ko‘rsatadi. Muhimi, bu saylovning demokratik tarzda o‘tishiga xizmat qiladi.
Shavkat JAVLONOV,
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini
muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi
Manba: Kun.uz