“C5+1” formatidagi Vazirlar uchrashuvi to’g’risida
2022-yil 22-sentabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo'shma Shtatlarining "C5+1"formatidagi Vazirlar yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Tadbir davomida Qozog'iston Respublikasi, Qirg'iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O'zbekiston Respublikasi va Amerika Qo'shma Shtatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari va vakillari tomonlarni qiziqtirgan yo'nalishlardagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlash maqsadida "C5+1" formatida savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish yo'llari to'g'risida fikr almashildi.
O'zbekiston delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o'z nutqida "C5+1" muhim muloqot mexanizmi bo’lib, uning doirasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish borasida ma’lum yutuqlarga erishilganini qayd etdi. O'zbekiston tomonining "C5+1" doirasidagi tashabbuslari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo'jaligi va to'qimachilik sanoati sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, muqobil transport yo'nalishlarini rivojlantirish, "Yashil kun tartibi" ni ilgari surish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasidagi takliflar bildirildi.
Tomonlar "C5+1" doirasida yuqori va ekspert darajalarida yaqin muloqotni davom ettirish, shuningdek amaliy natijalarga erishishga qaratilgan aniq choralarni ko'rish bo'yicha kelishib oldilar.