“Indorama Group” Farg‘onada yirik loyihalarni amalga oshiradi
Singapurning “Indorama Group” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Prakash Loxiya boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Farg‘ona viloyatida bugungi kunda qariyb 400 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni kunlarda to‘qimachilik, kimyo, mashinasozlik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish kabi ko‘plab sohalarda dunyoning 49 mamlakati vakillari o‘z biznesini yuritmoqda. Ular orasida “Indorama Kokand Textile” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasi yetakchilik qiladi. U Qo‘qon shahrida yirik ip yigirish korxonasini tashkil etgan. Bu yerda yiliga 55 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, yuqori sifatli yigirilgan ip tayyorlanadi. Endi esa kimyo sanoatining yana bir korxonasi “Indorama Group” tarkibiga o‘tdi. Bu Qo‘qondagi superfosfat zavodidir.
Xo‘sh, bu korxonalarning kelajagi qanday bo‘ladi, “Indorama Group” viloyat kimyo sanoati rivojida nima uchun ishtirok etmoqchi?
Farg‘ona xalqaro aeroportida mehmonlarni viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev kutib oldi. Samimiy muloqot chog‘ida viloyatda kompaniya sarmoyasi ishtirokidagi yangi sanoat korxonalari tashkil etish istiqbollari muhokama etildi.
– Qo‘qondagi korxonangiz uchun muhim bir yangilik bor, uzoq yillik izlanishlar tufayli bu yil, nihoyat, paxtaning yangi “Farg‘ona” navini yaratdik va u viloyatimiz dalalarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi, –dedi viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev. – Bu nav yuqori sifatli, tortimi qattiq va pishiq tolalidir. Biz uni Indorama korxonasida sayqallangan ip ishlab chiqish uchun taqdim etamiz.
– Bu biz uchun katta sovg‘a bo‘ldi, – dedi janob Prakash Loxiya. –Indorama dunyoda sayqallangan ip ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Biz yangi “Farg‘ona” navli paxta tolasidan yigirilgan ipni mamnuniyat bilan jahon bozoriga chiqaramiz. O‘ylaymanki, u g‘oyat xaridorgir bo‘ladi. Darvoqe, menga internet tarqatgan xabarlardan ma’lum qilishdiki, bu yil Farg‘onada mo‘l paxta xosili yetishtirilibdi va hatto 15 ish kunida birdaniga uchta tumanda terib olinibdi. Farg‘onaliklar muvaffaqiyatiga, quvonchiga biz ham sherikmiz. Samimiy tabriklarimni farg‘onalik paxtakorlarga yetkazishingizni so‘rayman.
Amaliy ruhda o‘tgan muzokara chog‘i viloyatda “Indorama Group” kompaniyasi investitsiyasi ishtirokida yangi korxonalar tashkil etish masalasida dastlabki kelishuv qayd etildi.
Prakash Loxiya boshchiligidagi delegatsiya “Indorama Kokand Textile” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasida ham bo‘ldi. Yiliga 93,7 million dollarlik yuqori sifatli yigirilgan ip dunyoning deyarli barcha qit’alaridagi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Ayni kunlarda qo‘shma korxonada 1 ming 200 nafar yosh mehnat qilmoqda.
164 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan mazkur qo‘shma korxonadagi paxta tolasini qayta ishlash texnologiyasining noyobligi shundaki, unda tolani dastlabki saralash va tozalashda aynan shu kompaniyaning o‘zigagina tegishli uslub yaratilgan. Shuning uchun ham bu yerda yigirilgan tola nafisligi hamda mustahkamligi bilan farq qiladi va unga dunyoda “sayqallangan tolali ip” degan brend berilgan. Yevropa va Amerika to‘qimachilik korxonalari uning asosiy xaridoridir.
Qo‘qon superfosfat zavodi bir vaqtlar mamlakatning kimyo sanoati tizimidagi yirik korxonalardan biri edi. Ammo texnologik uskunalar eskirgani, aylanma mablag‘ yetishmovchiligi hamda iste’mol bozoridagi raqobatda munosib o‘rin topishdagi muammolari tufayli moliyaviy inqirozga uchradi. “Indorama Group” uning 95 foiz ulushini sotib oldi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, bir yil ichida ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 100 ming tonna o‘g‘itdan 350 ming tonnaga yetkazish majburiyatini oldi. Janob Prakash Loxiya zavodda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bilan tanishdi. Korxona mukammal rekonstruksiya va qayta qurishdan so‘ng 2020 yilning sentabr oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlar mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, hosildorlikni oshirish, iqtisodiyotni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Mehmonlar jamiyat rahbariyati va mutaxassislari bilan ham uchrashdi. Muloqot chog‘ida korxona ishlab chiqarish imkoniyat va quvvatlarining taqdimoti bo‘ldi. “Indorama Group” kompaniyasi “Farg‘onaazot” korxonasiga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda.
M.SULAYMONOV, M.QODIROV, O‘zA